15-iyul

Plug&Play mentorining maslahatlari: G‘oyangizni 60 soniyada qanday taqdim etish mumkin
Aniq va lo‘nda pitch siz uchun eshiklarni ochishi — yoki butunlay yopishi mumkin. Startaplar tanlovida, investor bilan qahvaxonadagi uchrashuvda yoki potensial hamkor bilan tasodifiy suhbatda — sizning 60 soniyangiz hamma narsani hal qilishi mumkin.
Biz seriyali tadbirkor va startap-mentor Sebastyan bilan esda qoladigan, qisqa va ishonchli taqdimotni qanday tayyorlash kerakligi haqida suhbatlashdik.
Sebastyan Suyka — seriyali tadbirkor, “Plug&Play” mentori va venchur hamkori. U raqamli salomatlik va sun’iy intellekt sohasidagi startaplarni ishga tushirish va ulardan chiqish, xalqaro bitimlar tuzish hamda butun dunyo bo‘ylab asoschilarga murabbiylik qilish tajribasiga ega.
“Elevator pitch” nima va u nima uchun kerak?
Elevator pitch — bu sizning g‘oyangizning qisqa va mazmunli taqdimoti. Siz qaysi muammoni, kim uchun va qanday hal qilayotganingizni tushuntirasiz.
Asoschi sifatida siz — o‘z g‘oyasini ro‘yobga chiqarishga intilayotgan vizionersiz. Buning uchun uni aniq tushuntira olishingiz kerak. Agar odamlar nima qilayotganingizni tushunmasa, ular sizni qo‘llab-quvvatlamaydi. Qisqa va tushunarli bayon insonlarning nafaqat g‘oyangizni tushunishi, balki undan ilhomlanishini ham ta’minlaydi. Bu — uni amalga oshirish yo‘lidagi birinchi qadamdir.
 
Nega aynan bir daqiqaga sig‘dirish muhim?
Chunki sizda ko‘proq vaqt kamdan kam hollarda bo‘ladi. Agar siz bir daqiqa ichida odamni “ilintira” olmasangiz, ehtimol, bir soatda ham bunga erisha olmaysiz. Odamlar qanchalik tez tushunib, qiziqib qolsalar, shunchalik ko‘p vaqt muhim tafsilotlar — qanday ishlashi, nima uchun kerakligi va sizga nima zarurligi haqida gapirishga qoladi.
Qachon pitch kerak bo‘ladi?
Deyarli har qanday vaziyatda: investitsiya jalb qilish, netvorking, tanlovlar, xodimlarni yollash, OAV bilan ishlash. Liftdagi vaziyatni tasavvur qiling: siz amaldor, investor yoki bo‘lajak hamkorni uchratdingiz. U: “Siz nima bilan shug‘ullanasiz?” — deb so‘raydi — bu sizning imkoniyatingiz. Agar g‘oyangizni yetkaza olmasangiz — imkoniyat boy berilad. Ammo sizning pitch aniq va e’tiborni tortuvchi bo‘lsa — u odam sizni eslab qolishi, choralar ko‘rishi yoki boshqalarga aytib berishi mumkin.
“Agar odamlar siz nima qilayotganingizni tushunmasa — ular buni qo‘llab-quvvatlamaydi,” — deya ta’kidlaydi Sebastyan Suyka.
60 soniyalik muvaffaqiyatli pitch tuzilmasi
Pitchning asosiy elementlari
Bor-yo‘g‘i bitta majburiy element mavjud — sizning kompaniyangiz mohiyati.
Uber kompaniyasining pitchi? “Tugmani bosasiz — besh daqiqada mashina yetib keladi.”
Airbnb? “Mehmonxonadan emas, mahalliy aholidan joy band qilasiz.”
Shu xolos. Pitch muammo, qadriyat va yechimni — iloji bo‘lsa — bitta tushunarli jumlada bayon qilishi kerak. Agar biznes modeli yoki yutuqlaringiz aniqlik kiritadigan bo‘lsa — ularni ham qisqacha qo‘shishingiz mumkin.
“Dastlab qadriyatlarga e’tibor qarating. Yagona bo‘lish — keyinroq ham bo‘lishi mumkin. Aksariyat startaplar ish boshlagan paytda noyob bo‘lmagan. “Google” yagona qidiruv tizimi emas edi. Noyoblik vaqt o‘tib, mahsulot sifati, jamoa va ijro orqali shakllanadi,” — deydi Sebastyan.
Agar sizda harakatga da’vat bo‘lsa — undan foydalaning. Agar investitsiya jalb qilayotgan bo‘lsangiz — bu haqda ayting. Xodim izlayotgan bo‘lsangiz — uni ham ayting. Hatto norasmiy muhitda ham harakatga chaqiriq qoldiring. Bu odamlar uchun keyinchalik sizni eslab qolishlari va yordam berishiga sabab bo‘ladi.
BONUS: Sebastyanning oddiy va samarali pitch formulasi:
“Biz [maqsadli auditoriyaga] [muammoni] [asosiy yechim] orqali hal qilishga yordam beramiz. Bu [mashhur mahsulot]ga o‘xshaydi, lekin [aniq kontekst] uchun mo‘ljallangan.”
Oddiy. Eslab qolish oson. Takrorlash mumkin.
Samarali pitch tayyorlash
Asosiy xabar esda qolarli bo‘lishi muhim. Buning uchun o‘xshatishlardan foydalanish mumkin. Masalan, dori-darmonlar uchun “DoorDash”, uy hayvonlari uchun “Uber”. Maqsad — nafislik emas, aniqlik va g‘oyangizni boshqalarga oson yetkazishdir.
Oldindan tayyorgarlik ko‘ring. Bugunoq mashq qilishni boshlang. Pitchni ovoz chiqarib ayting — do‘stlaringizga, qarindoshlaringizga, istalgan kishiga. Ularning fikrini tinglang: ular nimani tushundi? Ma’nosi birinchi martadayoq tushunarli bo‘lgunga qadar taqdimotingizni takomillashtiring.
Taqdimotdan so‘ng o‘z ma’ruzangizni ham tahlil qilib, o‘zingizga savollar bering:
“Men o‘zim bunga ishonamanmi? Bu bilan faxrlanamanmi? Bu menga ilhom bag‘ishlaydimi?”
O‘zingiz his qilmasangiz — boshqalar ham his qilmaydi.
Muammodan boshlang, yechimni tushuntiring, nima uchun u qiziqarli ekanini ayting va so‘rov bilan yakunlang. Tamom! Hammasini aytib berishga urinish shart emas — e’tiborni jalb qilish yetarli.
Amaliyot va ko‘nikmalarni rivojlantirish
Muvaffaqiyat garovi — muntazam amaliyot! Pitchni tez-tez mashq qiling. Har qanday vaziyatda. Boshqalarning chiqishlarini tomosha qiling. Turli usullarni sinab ko‘ring. O‘zingizni videoga yozib oling. Va imkon bo‘lsa, murabbiy bilan ishlang. Shaxsan menga pitch paytida yurishni yoqtiraman — bu diqqatni jamlashga yordam beradi. Boshqalarga esa gavda holati yoki nutq tezligi muhimroq. Vaqt o‘tishi bilan o‘zingizga mos uslubni topasiz. Eng muhimi esa — pitchni mukammal bilish. Bu ishonchning asosidir.
Eslab qoling: odamlar sizni yomon pitch uchun tanqid qilishmaydi — ular shunchaki sizni tinglashni to‘xtatadi. Shuning uchun tanqiddan qo‘rqmang — bu imkoniyatdan xursand bo‘ling. Siz boshqalarning g‘oyangiz haqidagi fikrini shakllantira olasiz. Bu — ajoyib imkon!
Amaliy tavsiyalar:
- Odamlarning ko‘ziga emas, balki peshonasiga qarang — chalg‘imaslik osonroq bo‘ladi.
- Nafasingizni chuqur oling.
- O‘zingizga shunday deb ayting: “Qani, sen buni eplay olasan!”
!! Ammo hayajondan xalos bo‘lishning eng yaxshi yo‘li — siz o‘zingiz ishonadigan, mukammal ishlab chiqilgan pitchdir.
Imo-ishora, yuz ifodasi va ohang
O‘zligingizcha qoling. Boshqalarning uslubini ko‘chirishga urinish shart emas. Agar siz hissiyotli bo‘lsangiz — undan foydalaning. Agar xotirjamroq bo‘lsangiz — shundayligicha qoling. Odamlar uchun sizning samimiyligingiz muhim. Eng asosiysi — nutq uslubingiz sizning shaxsiyatingiz va g‘oyangizga bo‘lgan ishonchingiz bilan mos bo‘lishi kerak.
Yo‘l qo‘yilmasligi kerak bo‘lgan xatolar
Vaqtni behuda sarflash. Gapni uzr, bahona yoki ortiqcha “mayda gap” bilan boshlash. Darhol asosiy fikrga o‘ting. Slaydlaringiz ishlamayaptimi — bu hech kimni qiziqtirmaydi. Vaqtni nazorat qiling. Aniqlik va lo‘ndalikni saqlang.
Soddalik — eng yuksak nafislik. Agar siz murakkablashtirsangiz, odamlar tushunmaydi va qiziqmaydi. Soddalashtirsangiz — sizga ishonch bildiradilar.
Loyihangizdan ilhomlaning. Agar siz g‘oyangizga chin dildan ishonayotgan bo‘lsangiz — bu energiya tinglovchilarga ham o‘tadi. Hech qanday rol o‘ynamang — shunchaki siz aytayotgan narsaga chin dildan ahamiyat bering.
Muvaffaqiyatli pitchlarga misollar
“Uber” va “Airbnb” buning ajoyib misollaridir. Ularning pitchlari qisqa, sodda va bir zumda tushunarli bo‘lgan.
Ular muammo va yechimni bir jumlada aniq ifoda etgan. Uber: “Tugmani Tugmani bosasiz — mashina keladi”. Airbnb: “Mehmonxonalar emas, mahalliy aholidan joy band qiling.”
Hammasi yana soddalikka borib taqaladi. Pitch qanchalik tushunarli bo‘lsa, shunchalik ko‘p odamlar uni eslab qoladi va boshqalarga yetkazadi.
Plug&Play mentoridan ikki saboq
Bir safar texnik tafsilotlarga haddan ortiq berilib, pitchni to‘liq barbod qilganman. Boshlanishi yaxshi edi, lekin mavzudan chetlashib, asosiy g‘oyani yetkazishga ulgurmadim. Keyin ma’lum bo‘lishicha, auditoriyada mening “orzuimdagi mijoz” bilan bevosita aloqador va tanishishga tayyor bo‘lgan odam bor ekan. Biroq, men mayda-chuydalarga berilib, bu imkoniyatni boy berdim.
Ammo boshqa safar — ziyofatdagi navbatda kimdir mendan nima bilan shug‘ullanishimni so‘radi. Aniq va ishonchli taqdimot qildim. Biz o‘shanda investitsiya qidirmayotgan edik, lekin u shu qadar ilhomlanganki, keyinchalik xususiy investor sifatida qo‘shimcha 250 000 yevro sarmoya kiritdi. Agar tayyor bo‘lmagan bo‘lsam — bu sodir bo‘lmas edi.
Xulosa: Pitch har qanday joyda kerak bo‘lishi mumkin — doimo tayyor bo‘ling.
Keyingi qadam nima?
Agar pitchdan keyin odamlar savol bersa, qayta so‘rasa yoki sizga aloqa ma’lumotlarini taklif qilsa — demak, siz buni to‘g‘ri bajardingiz.
Agar chiqishingizni yanada takomillashtirmoqchi bo‘lsangiz — mashq qiling, fikr-mulohazalarni yig‘ing va ifodalaringiz ustida doimiy ishlang.
Fursatni boy bermang: sizning imkoniyatingiz istalgan vaqtda paydo bo‘lishi mumkin — g‘oyangizni qisqa va ta’sirli tarzda aytishga doimo tayyor bo‘ling!
- #Startup
- #Yangilik
- #Investitsiyalar
Mavzular:









