22-yanvar

AlchemistX & Silicon Valley Residency 2025: O‘zbekiston startaplari nimaga erishdi?
Kremniy vodiysida AlchemistX va Silicon Valley Residency 2025 dasturining yakunlari sarhisob qilindi. AlchemistX — Markaziy Yevrosiyo startaplari uchun mo‘ljallangan Alchemist Accelerator’ning maxsus dasturi, Silicon Valley Residency esa Silkroad Innovation Hub’ning asosiy xalqaro dasturlaridan biri hisoblanadi. 
2025-yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston hamda Qatar, Gruziya va Singapurdan jami 23 ta startap ushbu ikki dasturda ishtirok etdi. Ular to‘rt oy davomida AQSh bozoriga moslashish, mahsulotlarni mahalliy talablar asosida takomillashtirish, savdo strategiyalarini shakllantirish hamda potensial mijozlar va hamkorlar bilan muzokaralar olib borish ustida ishladi.
O‘zbekiston startaplari qanday natijalarga erishdi?
Dasturlar doirasida O‘zbekiston bilan bog‘liq bir qator startaplar alohida e’tibor bilan qayd etildi. Ular AQSh bozorida real tajriba to‘plab, mahsulot va biznes modellarini xalqaro standartlarga moslashtirdi. 
AQSh bozorida Growy AI muvaffaqiyatli ish boshladi va yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etdi. Dastur davomida jamoa soha vakillari bilan 43 dan ortiq intervyu o‘tkazdi, natijada 10 ta loyiha ta’minlandi, yana 1–2 tasi faol muzokaralar bosqichida. Startap dastur tomonidan to‘liq miqyosda kengayishga tayyor deb rasman e’tirof etildi.
Jobster.hr mahsulotini strategik qayta pozitsiyalab, G‘arb bozori uchun yangi konsepsiyani ishlab chiqdi. Freyt (avval LYDYA) 40 dan ortiq uchrashuv va tadqiqotlar o‘tkazib, yangi bozor imkoniyatlarini aniqladi hamda keyingi rivojlanish strategiyasini belgiladi. Makon AI savdo va marketing infratuzilmasini kuchaytirdi va AQSh bozoriga chiqish uchun tayyorgarlikni yakunladi.
Shuningdek, startaplar 150+ potensial mijoz bilan intervyu o‘tkazib, bozorni chuqur tahlil qildi. 116 ta sanoat ekspertlari va venchur investorlar bilan uchrashuvlar olib bordi va har bir faunder Kremniy vodiysida 190+ yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu tajriba nafaqat kelgusi global yutuqlar uchun mustahkam poydevor bo‘ldi, balki startaplarimizning global standartlarga moslashish qobiliyatini oshirdi va O‘zbekiston innovatsion ekotizimini xalqaro maydonda rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. 
O‘zbekiston startaplari global bozorga chiqishga tayyormi?
AlchemistX va Silicon Valley Residency dasturlari O‘zbekiston startaplari uchun nafaqat akseleratsiya, balki Kremniy vodiysi innovatsion ekotizimiga kirish imkoniyatini ham yaratdi. Mentorlik, venchur investorlar bilan uchrashuvlar va real bozor sharoitida ishlash tajribasi startaplarning raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshirdi. IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarovning ta’kidlashicha, bu dasturlar O‘zbekiston startaplariga global bozorga muvaffaqiyatli kirish imkoniyatini yaratdi. Jamoalar nafaqat mahsulotlarini takomillashtirdi, balki xalqaro investorlar bilan aloqalar o‘rnatish va strategik hamkorlik orqali bozorga chiqish tajribasini ham oldi.
Tashkilotchilar fikricha, dasturlar natijalari Markaziy Yevrosiyo, jumladan O‘zbekiston startaplarining global texnologik bozorda muvaffaqiyatli raqobatlasha olish salohiyati ortib borayotganini tasdiqlaydi. Shuningdek, ishtirokchi startaplar AQSh bozorida jami 1,3 million dollar mablag‘ jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Demo Day: O‘zbekiston startaplari qaysi sohalarda innovatsiyalarini namoyish etdi?
Dasturlarning yakuniy bosqichi sifatida Demo Day tashkil etildi. Unda startaplar xalqaro investorlar, sanoat ekspertlari va texnologik hamjamiyat vakillariga o‘z yechimlarini taqdim etdi. Demo Day doirasida EdTech, HealthTech, B2B SaaS, sanoat avtomatlashtirish va kreativ industriyalar yo‘nalishlaridagi loyihalar namoyish etildi. 
Ishtirok etgan startaplar orasida: Aleem, GrowyAI, Lydya, QazTWIN, Makon AI, Workinhood, Zaiyo AI, One Health, Cyberlabs, Defect AI, Algebras AI, Tilmoch, Ember AI, Virtual Story, Open Spot, AidMi, Findecor.io, Viral Video, Sales Doctor, Emma Systems, Ucode, HANDYMATY va RFxAI bor.









