20-yanvar

Samarqandda Umummilliy “AI Hackathon”ning navbatdagi bosqichi start oldi
20-yanvar kuni Samarqandda Umummilliy “AI Hackathon”ning navbatdagi bosqichining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Samarqand bosqichida ishtirok etish uchun 400 ortiq yosh mutaxassis ro‘yxatdan o‘tdi. Uch kun davomida ular yirik IT kompaniyalari va mamlakatning boshqa tegishli tashkilot murabbiylari boshchiligidagi jamoalarda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning asosiy tarmoqlarida sun’iy intellekt loyihalarini ishlab chiqadilar.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov tabrik so‘zi bilan chiqish qilib, viloyatda xakaton o‘tkazilishining ahamiyatini ta’kidladi:
— Biz Samarqandning tarixiy merosi va zamonaviy texnologiyalarni birlashtirishga intilamiz. Viloyatimiz nafaqat o‘zining buyuk o‘tmishi, balki yoshlari — minglab faol, bilimli yoshlari bilan ham faxrlanadi. Ikkinchi Umummilliy “AI Hackathon” Samarqand taraqqiyoti uchun muhim qadam bo‘lib, IT sohasi mutaxassislari uchun istiqbolli yo‘nalish bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sarvar Mo‘minov xakaton ta’lim jarayoni va tashkilotlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlarning bir qismi ekanligini ta’kidladi.
Yoshlar ishlari agentligi direktorining raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi Hasanxon Yusufxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar o‘z loyihalarini yanada rivojlantirish va startaplariga sarmoya kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
— O‘zbekiston sun’iy intellekt sohasida Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallab, global miqyosda o‘z mavqeini bosqichma-bosqich mustahkamlab bormoqda. Bundan tashqari, yaqin kelajakda O‘zbekistonda o‘z salohiyati va ko‘lami bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik sun’iy intellekt infratuzilmasini ishga tushirish rejalashtirilgan, — dedi Yusufxo‘jayev.
Xakatonning bosh homiysi va hamkori Uzum milliy raqamli ekotizimi bo‘lib, loyiha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Kiberxavfsizlik markazi, IT Park Uzbekistan, Uzinfocom, UNICON, AI Alliance qo‘llab-quvvatlashida, shuningdek, AICA va ML Community kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Xakaton ishtirokchilari mamlakatning yetakchi IT-kompaniyalari ekspertlaridan yordam olgan holda tibbiyot, kiberxavfsizlik, ta’lim, tadbirkorlik va sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida taqiqlangan moddalar aylanishini nazorat qilish kabi sohalardagi loyihalar ustida ishlaydilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar uchun IT sohasidagi mutaxassislar bilan mahorat darslari va seminarlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Umummilliy AI Hackathon’ning birinchi bosqichi 2025-yil oktyabr oyida boshlangan va joriy yil oxirigacha respublikaning barcha hududlarida amalga oshiriladi. Xakaton finali 2026-yil dekabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadi, unda butun mamlakatning eng yaxshi jamoalari sun’iy intellekt sohasidagi o‘z ishlanmalarini taqdim etadilar.









