18-fevral

Datatruck va Fleetmule xalqaro logistika sohasida AI joriy etilishiga bag‘ishlangan workshop o‘tkazdi
2026-yil 15-fevral kuni IT Park Tashkent’da “Yuk tashishda sun’iy intellekt: AI yordamida raqobatchilardan qanday oldinga chiqish mumkin” mavzusida oflayn workshop bo‘lib o‘tdi. Tadbir IT Park Uzbekistan va IT Park Ventures tomonidan fondning portfel startaplari — Fleetmule va Datatruck bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir avtopark egalari, yuk tashish operatorlari, xavfsizlik va komplayens mutaxassislari, shuningdek logistika jarayonlariga zamonaviy AI yechimlarini joriy etishga qiziqqan texnologik kompaniyalar va startap ekotizimi vakillarini birlashtirdi.
Sun’iy intellekt logistika transformatsiyasining drayveri sifatida
Transport sohasining tezkor raqamlashtirilishi sharoitida sun’iy intellekt samaradorlikni oshirish, jarayonlar shaffofligini ta’minlash va raqobatbardoshlikni kuchaytirishning muhim vositasiga aylanmoqda. Workshop doirasida ishtirokchilar AI’ni avtoparklarni boshqarish, operatsion jarayonlarni avtomatlashtirish hamda xalqaro talablar, jumladan AQSh Transport departamenti (DOT — Department of Transportation) standartlariga moslashish jarayonlarida qo‘llash bo‘yicha amaliy кейсlar bilan tanishdilar.
Quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
- zamonaviy yuk tashish jarayonlarida AI qo‘llanilishi;
- xavfsizlikni ta’minlash va DOT talablariga muvofiqlik;
- Transportation Management System (TMS) tizimlarida AI yechimlaridan foydalanish;
- moliyaviy hisob-kitoblarni avtomatlashtirish va operatsiyalar shaffofligini oshirish;
- risklarni baholashda brokerlar, sug‘urta kompaniyalari va logistika platformalari tomonidan AI qo‘llanilishi.
IT Park Ventures portfel startaplaridan amaliy tajriba
Workshop spikerlari sifatida IT Park Ventures portfel kompaniyalari asoschilari ishtirok etib, xalqaro logistika sohasida sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Fleetmule asoschisi Asror Arabjanov xavfsizlikni ta’minlash, DOT talablariga muvofiqlik hamda audit va sug‘urta jarayonlarida risklarni baholash uchun AI algoritmlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy sessiya o‘tkazdi. Tadbir davomida kompaniyaning Fleetmule Reputation Radar tizimi namoyish etildi. Ushbu yechim transport kompaniyalarining xavfsizlik va reputatsiya ko‘rsatkichlarini tahlil qilish imkonini beradi. Ishtirokchilar o‘z kompaniyalari uchun bepul diagnostika olish uchun ariza topshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
“AQShdagi yuk tashish bozori tez o‘zgarib bormoqda — va bu jarayon avtonom yuk mashinalari ommaviylashishidan oldin ham allaqachon boshlangan. Bunday sharoitda tashuvchining eng qimmat aktivlaridan biri — obro‘-e’tibor, va u ikki asosga tayanadi: xavfsizlik hamda talablarga rioya qilish (compliance).
Workshop davomida biz ishtirokchilarga DOT compliance bo‘yicha aniq va amaliy ‘yo‘l xaritasi’ni taqdim etdik hamda nega obro‘-e’tibor mavhum tushuncha emas, balki real raqobat ustunligi ekanini ko‘rsatdik. AI asosidagi risk baholashdan tortib Reputation Radar’ning jonli demosigacha — xulosamiz bitta: bugun xavfsizlik va compliance’ga investitsiya kiritish barqaror rentabellikka olib boradigan eng tez yo‘ldir,” — dedi Asror Arabjanov, Fleetmule asoschisi va CEO.
Datatruck asoschisi va CEO’si Shokhrukh Rakhmanov yuk tashish jarayonlarini optimallashtirish, moliyaviy shaffoflikni oshirish va transport operatsiyalarini avtomatlashtirishda AI yechimlarining qo‘llanilishi haqida ma’lumot berdi. Ushbu texnologiyalar kompaniyalarga operatsion risklarni kamaytirish va AQSh bozori kabi raqobatbardosh bozorlarda samaradorlikni oshirish imkonini beradi.
“Trucking kompaniyalari qo‘lda bajariladigan jarayonlar va nazoratdagi bo‘shliqlar sabab daromadlarining 5% gacha qismini yo‘qotmoqda — yetishmayotgan POD (yetkazib berish tasdig‘i), hisobga olinmagan detention to‘lovlari, unutilgan obunalar va noto‘g‘ri ish haqi hisob-kitoblarigacha. Bunday yashirin yo‘qotishlar marjasi past bo‘lgan sohada juda tez yig‘ilib ketadi.
Datatruck va Fintruck’da biz moliyaviy yopish va reconciliatsiya jarayonlaridagi qo‘lda bajariladigan ishlarning 95% ini sun’iy intellekt yordamida avtomatlashtirmoqdamiz. Platformamiz hujjatlarni o‘qiydi, yetkazib berishni tekshiradi, email xatlaridan to‘lovlarni aniqlaydi va hisoblarni avtomatik ravishda moslashtiradi. Biz tashuvchilarga daromadning 3–7% qismini qaytarib olishga va xarajatlarni 5–10% ga kamaytirishga yordam beramiz — bu esa shunchaki omon qolish va muvaffaqiyatli rivojlanish o‘rtasidagi farq bo‘lishi mumkin.” — dedi Datatruck asoschisi va CEO’si Shokhrukh Rakhmanov
Innovatsiyalarni rivojlantirish va professional hamkorlik platformasi
Workshop networking sessiyasi bilan yakunlandi. Unda ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish hamda logistika sohasida AI texnologiyalarini joriy etish istiqbollarini ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bunday tadbirlarni o‘tkazish texnologik ekotizimni rivojlantirish, portfel startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda iqtisodiyotning an’anaviy sohalarida raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan tizimli ishlarning muhim qismi hisoblanadi.
IT Park Ventures ilg‘or texnologiyalarni joriy etayotgan va global bozorlarda samaradorlikning yangi standartlarini shakllantirayotgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.









