21-yanvar

Umummilliy AI Hackathonning ikkinchi kuni: ishtirokchilar yetakchi mutaxassislardan tajriba olmoqda
Samarqandda o‘tkazilayotgan Umummilliy AI Hackathon o‘zining ikkinchi kunida faol bosqichga kirdi. 20-yanvar kuni start olgan tadbir doirasida ishtirokchilar sun’iy intellekt sohasidagi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar ishlab chiqishda davom etmoqda. 
Hackathon'ning ikkinchi kunida jamoalar tanlagan sohalari bo‘yicha tajribali va yuqori malakali mutaxassislardan iborat mentorlar bilan birga ishlamoqda. Ishtirokchilar o‘z loyihalarini takomillashtirish, yechimlarni amaliy jihatdan kuchaytirish hamda bozor talablariga moslashtirish yuzasidan muhim tavsiyalar olmoqda. 
Loyihalar uch turdagi mentorlar tomonidan baholanmoqda: texnik mentorlar yechimning texnik sifati va kodning tayyorgarlik darajasini tahlil qilsa, biznes mentorlar biznes modeli va bozor salohiyatiga e’tibor qaratmoqda. Sohaviy mentorlar esa loyiha tanlangan yo‘nalishga qanchalik mos ekani va uning amaliy samaradorligini baholamoqda. 
Tadbir ishtirokchilarga nafaqat bilim va tajriba almashish, balki sohaning yetakchi mutaxassislaridan bevosita saboq olish imkonini bermoqda.









