26-may
Investitsiyalar va Barselonaga 4YFN26 chiptasi: Toshkentdagi GSMA M360 startap pitch-sessiyasi qanday o‘tdi
Toshkentda ilk bor o‘tkazilayotgan “GSMA M360 Eurasia 2025” xalqaro konferensiyasi doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan ko‘magida tashkil etilgan maxsus pitch-sessiyada 10 ta istiqbolli startap o‘z loyihalarini taqdim etdi. Tayyor MVP va dastlabki savdolarga ega bo‘lgan ishtirokchilar bosh sovrin — Barselonadagi “4YFN” (Four Years From Now) tadbirida qatnashish, shuningdek, “GSMA” maydonchasida shaxsiy ko‘rgazma stendiga ega bo‘lish uchun bellashdilar.
GSMA butun dunyo bo‘ylab 750 dan ortiq mobil aloqa operatorlari va texnologiya kompaniyalarini birlashtirgan holda, turli hududlarda raqamli transformatsiyani tezlashtirish maqsadida “M360” seriyali tadbirlarni o‘tkazmoqda. Toshkentdagi “M360 Eurasia” innovatsion yechimlarni namoyish etish va startaplar, investorlar, korporatsiyalar hamda davlat tuzilmalari o‘rtasida aloqalar o‘rnatish uchun platforma vazifasini o‘tamoqda.
Ishtirokchilar orasida fintech, healthtech, edtech, AI va IoT kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan startaplar bor. Tanlov qatnashchilari orasida global bozorga chiqish uchun yuqori salohiyatga ega O‘zbekiston loyihalari va Qozog‘istonning ikkita startapi mavjud. Startaplardan jami 55 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ulardan 10 tasi yakuniy startap pitchiga yetib keldi.
Startaplarni “GSMA” texnik direktori Aleks Sinkler, “ITU” eksperti Konstantin Savin, “GSMA” marketing va ijroiya aloqalar bo‘limi boshlig‘i Edel Shixan baholadilar.
“IT Park Ventures” g‘oliblar uchun SAFE investitsiyalari shaklida 40 ming dollari miqdorida mukofot jamg‘armasini ajratdi. G‘oliblar 25 ming dollar, ikkinchi o‘rin — 10 ming dollar, uchinchi o‘rin — 5 ming dollar miqdoridagi sovrinlar bilan taqdirlanadilar.
Ta’lim va madaniy kontentga ega bolalar uchun xavfsiz video ilovani taklif etuvchi “Fonus” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Jamoa o‘z mahsulotini telekommunikatsiya va texnologiyalar sohasidagi eng yirik jahon ko‘rgazmasi — “4YFN”da taqdim etish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ldi. Tadbirda har yili 180 dan ortiq mamlakatdan o‘n minglab mutaxassislar ishtirok etadi. Jamoa, shuningdek, SAFE sarmoyasi ko‘rinishida 25 ming dollarni qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rinni “Daryn Online” egalladi. Jamoa imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish, maktab fanlarini o‘zlashtirish va maktabga kirish uchun onlayn platforma rivojlantirish maqsadida SAFE ko‘rinishida 10 ming dollar sarmoya oladi.
Uchinchi o‘rinni onlayn maktablar va kurslarni ishga tushirish hamda kengaytirish uchun SaaS platformasini taqdim etgan “Exode.biz” jamoasi egalladi. Ular 5 ming dollar miqdorida SAFE investitsiyasini qo‘lga kiritadi.
“GSMA M360 Eurasia” tadbirining O‘zbekistonda o‘tkazilishi va mahalliy startaplarning global tashabbuslardagi ishtiroki mamlakatning mintaqadagi raqamli innovatsiyalar markazi sifatidagi nufuzi tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. IT Park Uzbekistan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy yechimlarning jahon miqyosiga chiqishi uchun zarur sharoitlar yaratishda davom etmoqda.
Mavzular: