28-may
IT Park “IT Insider” dasturini ishga tushirdi: talabalar O‘zbekiston texnologik ekotizimining elchilariga aylanmoqda
O‘zbekiston texnologik ekotizimini rivojlantirishga talabalarni jalb etish va raqamli transformatsiyaning kelajak yetakchilari avlodini shakllantirish maqsadida yangi tashabbus — “IT Insider” dasturining birinchi uchrashuvi IT Park Uzbekistan’da bo‘lib o‘tdi.
“IT Insider” dasturi — IT Parkning 2030-yilgacha O‘zbekistonni mintaqaviy texnologik habga aylantirish bo‘yicha strategik rejasini amalga oshirishdagi muhim qadamdir.
Birinchi uchrashuvda ishtirokchilarga IT Park faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, inkubatsiya dasturlari, hakatonlar, ta’lim tashabbuslari va “StartupBase” platformasi orqali startap madaniyatini rivojlantirish haqida ma’lumot berildi.
Akademik hamjamiyat va mamlakat texnologiya sektori o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajaradigan talaba-elchilar — “IT Insiders” roliga alohida e’tibor qaratildi. Ularning vazifasi tengdoshlarini ilhomlantirish, tadbirlar tashkil etish, tadbirkorlik loyihalarini rivojlantirish va yoshlar tashabbuslarining o‘sishi uchun sharoit yaratishdan iborat.
“IT Insiders” tashabbusining birinchi tarkibiga quyidagilar kirdi: Artur Matkarimov (AMITY), Abror Musulmonov (INHA), Umar Qayumov (TDIU), Quvonchbek Tohirov (TUIT), Aziz Daurov (Webster), Madina Baltabayeva (Westminster), Fotima G‘iyosiddinova (PDP University), Narimonjon Murodov (TURIN), Mushtariy Muhitdinova (MDIS) va Zarina Axmadova (USWLU). Ushbu faol va g‘ayratli talabalar yangi imkoniyatlar drayveriga aylanadi: vorkshoplar va pitch-sessiyalardan tortib keng ko‘lamli hakatonlar va IT-kompaniyalar bilan hamkorlikkacha.
Oldinda yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, foydali aloqalar o‘rnatish va ta’lim hamda sanoat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan mazmunli dastur turibdi. “IT Insider” talabalar va butun mamlakatning texnologik ekotizimi uchun ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochadi.
Agar siz “IT Insider” elchisi bo‘lishni yoki dastur va hamkorlik imkoniyatlari haqida qo‘shimcha ma’lumot olishni istasangiz, IT Park jamoasi yoki bevosita bizning “IT Insiders” a’zolari bilan bog‘laning.
Mavzular: