14-noyabr

IT Park Uzbekistan Biban 2025 xalqaro forumida o‘z startaplarini namoyish etdi
IT Park Uzbekistan Er-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan, dunyodagi eng yirik tadbirkorlik va kichik biznes forumlaridan biri hisoblangan Biban 2025da ishtirok etdi. Tadbirga turli mamlakatlardan startaplar, investorlar, akseleratorlar va davlat tashkilotlari vakillari tashrif buyurdi. O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki mamlakatimiz innovatsion ekotizimining rivojlanib borayotganini hamda Yaqin Sharq bozorlarida faol hamkorlikka intilayotganini yana bir bor namoyish etdi.
IT Park Uzbekistan ko‘magida bir qator istiqbolli startaplar o‘z ishlanmalarini xalqaro hamkorlarga taqdim etishdi. Ulardan biri — Fonus Kids, bolalar ekran vaqtini haqiqiy o‘quv jarayoniga aylantiruvchi xavfsiz EdTech platformasi. Ilova multfilmlar va ta’limiy videolarni filtrlab, bolalar uchun ishonchli, madaniy va bilimga yo‘naltirilgan raqamli makon yaratadi. Startapni hammuassisi va COO Tavakkalov Diyorbek, shuningdek asoschi va CEO Zairov Muzaffarbek taqdim etdi.
Shuningdek, MULK Protocol startapi ham qatnashdi — bu real aktivlarni shariatga mos tarzda raqamlashtirib, tokenizatsiya orqali bizneslarga likvidlik ochish, global investorlarni jalb qilish va shaffof aktiv savdosini ta’minlash imkonini beruvchi blokcheyn platformasi. Loyihaning asoschisi — Hayotjon Azimov.
Delegatsiya tarkibida bo‘lgan yana bir loyiha — GoRent, Markaziy Osiyo bozoriga mo‘ljallangan ijaraga berish xizmatlari platformasi. GoRent yordamida foydalanuvchilar ofislar, kovinglar, avtomobillar va boshqa xizmatlarni bir joydan topishlari, bizneslar esa reklama xarajatlarisiz mijoz jalb qilishlari mumkin.
Tadbirda muvaffaqiyat tarixi sifatida kpi.com loyihasi ham namoyish etildi — bu xalqaro miqyosda foydalaniladigan “all-in-one” biznes boshqaruvi platformasi bo‘lib, buxgalteriya, HR, CRM, loyiha boshqaruvi va analitikani bir ekotizimda birlashtiradi. Platformani asoschi va CEO Muzaffar Karabaev taqdim qildi.
Biban 2025 davomida IT Park Uzbekistan mamlakatning IT sohasidagi afzalliklarini — soliqqa oid imtiyozlar, IT Visa dasturi, texnopark infratuzilmasi va startaplar uchun qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini keng yoritdi. Delegatsiya Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar va Bahrayndagi investor va innovatsiya tashkilotlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, qo‘shma dasturlar, eksport yo‘nalishlari va O‘zbekiston startaplarining GCC bozorlariga chiqish strategiyalarini muhokama qildi.
Biban 2025’da ishtirok etish O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamladi va mahalliy startaplarning global miqyosda kengayishi uchun yangi imkoniyatlar ochdi, mamlakatni Markaziy Osiyoning yetakchi texnologik markazlaridan biri sifatida namoyish etdi.
- #Startup
- #Yangilik
Mavzular:









