1-avgust
Koreyalik mutaxassislar O‘zbekistondagi startaplar uchun amaliy trening o‘tkazdi
“U-enter” markazida startap ekotizimi vakillari, yosh tadbirkorlar va O‘zbekiston innovatsion muhiti ishtirokchilaridan iborat 30 ga yaqin kishi yig‘ilgan trening bo‘lib o‘tdi. Tadbir IT Park Uzbekistan tomonidan “Gyeongbuk Technopark” (GBTP) texnoparki va “U-enter” innovatsion markazi bilan hamkorlikda, “KOICA” ko‘magida tashkil etildi. Treningni Janubiy Koreyalik mutaxassislar olib borib, investitsiyalarni jalb qilish, jahon bozorga chiqish va boshqaruv qarorlarini qabul qilish bo‘yicha amaliy strategiyalarni taqdim etdilar.
Gyeongbuk Technopark (GBTP) — Janubiy Koreyada yuqori texnologiyalar sohasidagi kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlovchi davlat tashkiloti. Markaz maslahat va infratuzilmaviy yordam ko‘rsatadi, texnoparklar, biznes-inkubatorlar va akseleratsiya dasturlarini boshqaradi.
Ochilish marosimida IT Park Uzbekistan startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Elyor Maksudov so‘zga chiqdi. U bunday ta’lim dasturlari mahalliy innovatsion muhitni rivojlantirish uchun muhimligini ta’kidlab, ishtirokchilar olgan bilimlarini amalda qo‘llay olishlariga ishonch bildirdi.
Treningni Koreya delegatsiyasi a’zolari, jumladan, “AI Institute for the 4th industrial revolution” prezidenti Yonho Pak, “Enlight Ventures” venchur fondi hamkori Yonmin Kim, shuningdek, Janubiy Koreyaning “beSUCCESS” startap-platformasi bosh direktori Xyonuk Chon olib bordi.
Mutaxassislar startaplarning muvaffaqiyatli investitsiya jalb qilishi, yosh jamoalarning qaror qabul qilishda duch keladigan qiyinchiliklari va samarali B2B marketing strategiyalari orqali jahon bozoriga chiqish yo‘llari haqida amaliy maslahatlar berdilar.
Ishtirokchilar o‘z biznes modellari va kengaytirish strategiyalarini takomillashtirish uchun foydali tavsiyalar va vositalar oldilar.
Bunday hamkorlik O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida startap ekotizimini rivojlantirish sohasidagi aloqalarni mustahkamlaydi, xalqaro tajribaga yo‘l ochadi va mamlakatda barqaror innovatsion muhitni shakllantirishga ko‘maklashadi. IT Park Uzbekistan startaplarning o‘sishi, rivojlanishi va jahon texnologik hamjamiyatiga qo‘shilishi uchun imkoniyatlar yaratishni davom ettirmoqda.
Mavzular: