11-fevral
FinTech sanoati sharhi: O‘zbekistonda startapchilar uchun imkoniyatlar va istiqbollar
FinTech shunchaki moliya haqida emas, balki ayni paytda yaratilayotgan kelajak haqida!
Texnologiyalar eski tizimlarni buzib, to‘lovlar, kreditlar va investitsiyalarni hamma uchun оsоnrоq, tezrоq va qulayroq qilmоqda. Ushbu bozor shiddat bilan o‘sib, yosh startapchilar va maqsadga intiluvchan asoschilarga yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ammo u qanchalik to‘yingan? O‘zbekistonda nima bo‘lyapti? Yaqin yillarda qaysi yo‘nalishlar rivojlanib ketishi mumkin? Keling, batafsil ko‘rib chiqamiz!
FinTech nima?
FinTech — bu moliya va texnologiyalarning uyg‘unlashuvi bo‘lib, moliyaviy xizmatlarni takomillashtirish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanuvchi vosita va platformalarni o‘z ichiga oladi. Bu onlayn to‘lovlar va mobil bank ilovalaridan tortib kriptovalyutalar, investitsiyalar va sug‘urtagacha bo‘lgan barcha narsani qamrab olishi mumkin. Fintexning asosiy g‘oyasi moliyaviy operatsiyalarni soddalashtirish, ularni arzonroq va har bir foydalanuvchi uchun qulayroq qilishdir.
FinTech’dagi global tendensiyalar: Moliya tobora osonlashmoqda, tezlashmoqda va hammabop bo‘lmoqda
Fintex jadal rivojlanmoqda va uni o‘zgartirayotgan asosiy tendensiyalar quyidagilar:
• Mobil to‘lovlar — “Apple Pay”, “Google Pay” va boshqa xizmatlar to‘lovni tez va qulay qilmoqda, ayniqsa bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan mamlakatlarda.
• Robokonsultantlar — sun’iy intellekt pul va investitsiyalarni boshqarishga yordam bermoqda, moliyaviy yechimlarni hamma uchun ochiq qilmoqda.
• Open Banking — banklar API’larini ochmoqda, bu esa yangi qulay moliyaviy xizmatlarni yaratish va foydalanuvchi tajribasini yaxshilash imkonini bermoqda.
• Insurtech — sug‘urta kompaniyalari raqamli texnologiyalarni joriy etmoqda, jarayonlarni avtomatlashtirmoqda va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tezroq va osonroq qilmoqda.
• P2P kreditlash — platformalar odamlarga banklarni chetlab o‘tib, foiz stavkalarini pasaytirib, bevosita kredit berish va olish imkonini bermoqda.
O‘zbekistonda Fintech: tendensiyalar va imkoniyatlar
O‘zbekistonda fintex yuqori sur’atlar bilan rivojlanmoqda va uning imkoniyatlari juda katta. Raqamli moliyaviy yechimlarga qiziqish ortib bormoqda va bunga hissa qo‘shayotgan asosiy omillar quyidagilar:
• Raqamlashtirish — banklar va moliya kompaniyalari onlayn-banking, mobil ilovalar va raqamli to‘lovlarni faol joriy etmoqda. Bu yangi fintech startaplari uchun imkoniyatlar yaratmoqda.
• Mobil to‘lovlar — yoshlar hisob-kitoblar uchun smartfonlardan tobora ko‘proq foydalanmoqda. “Payme” va “Click” allaqachon bozor ulushini egallagan, ammo yangi yechimlar uchun bo‘shliqlar saqlanib qolmoqda.
• Startaplarni qo‘llab-quvvatlash — IT Park va boshqa akseleratorlar yangi o‘yinchilarga innovatsion fintech loyihalarini ishga tushirishga yordam bermoqda.
• Mikromoliyalash va kreditlash — sun’iy intellekt texnologiyalari va katta hajmdagi ma’lumotlar xavf va kreditga layoqatlilikni baholash tizimini yaxshilashi mumkin.
O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar (fintech) sohasida startaplar sonining sezilarli o‘sishi kuzatilmoqda. Ushbu tendensiya venchur investitsiyalari hajmi bilan tasdiqlanadi: 2023-yilda fintech startaplari 2,75 million dollar jalb qilib, mamlakatda venchur kapitalini jalb qilish bo‘yicha yetakchiga aylandi.
O‘zbekistonda Fintech bozori qanchalik to‘yingan?
Bugungi kunda O‘zbekistonda Fintech bozori nisbatan erkin bo‘lib qolmoqda, bu esa startaplar va yangi mahsulotlarni joriy etish uchun qulay sharoit yaratmoqda. Bu yerdagi raqobat hali rivojlangan fintex bozorlari darajasiga yetmagan, bu esa tadbirkorlarga o‘z o‘rnini egallash va bozorda mustahkam o‘rnashib olish imkoniyatini bermoqda.
Iqtisodiyotni raqamlashtirish bo‘yicha davlat tashabbuslari sohani rivojlantirishda muhim rol o‘ynamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev IT va fintexning salohiyatini bir necha bor ta’kidlagan: mamlakat aholisining 56 foizini yoshlar tashkil etadi, dunyodagi eng boy 10 ta kompaniyaning 7 tasi aynan shu sohalardan chiqqan. Bu yo‘nalishning investorlar va tadbirkorlar uchun istiqbolli ekanligini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, xususiy kompaniyalar bozorni faol ravishda oldinga siljitmoqda — “Uzum” va “TBC Uzbekistan” misollari mamlakatda fintech biznesi kapitallashuvi 1 milliard dollardan oshishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Yanvar oyi oxirida Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi “Payme”ni onlayn to‘lov tizimlari bozorida ustun turuvchi kompaniya sifatida tan oldi. Bu shuni anglatadiki, unda:
• yillik tushum 37,5 mlrd so‘mdan oshadi;
• oylik foydalanuvchilar soni 50 000 kishidan ortiq;
• bozor ulushi 40% dan ortiq.
Kompaniyaning o‘zi qo‘mitaga qonunchilik talab qilganidek, ushbu ko‘rsatkichlardan biriga yoki barchasiga erishganini ma’lum qildi.
Biroq, mahalliy o‘yinchilarning o‘sishi va fintechga bo‘lgan qiziqishning oshishiga qaramay, bozor tartibga solishda jiddiy o‘zgarishlarga duch keldi. Yil davomida Markaziy bank to‘lov xizmatlari uchun yangi litsenziyalar bermadi, ishlayotgan kompaniyalar soni hatto kamaydi: O‘zbekistondan “Cloudpayments”, “PSP”, “Yurt Pay” va boshqalar chiqib ketdi. Endi litsenziya olish ko‘proq vaqt va resurslarni talab qilmoqda va bozorga kirishning muqobil yo‘llari litsenziyalangan kompaniyani sotib olish yoki raqamli bank tashkil etish bo‘lib qolmoqda.
2025-yilda fintexni rivojlantirishga yangi davlat yordami qo‘shimcha turtki beradi. Kompaniyalar tadqiqot markazlari (R&D) uchun uskunalarni bojsiz olib kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, shuningdek, ko‘lamni kengaytirish uchun kengroq sharoitlar yaratiladi. Bularning barchasi fintech sohasini O‘zbekistondagi eng jadal rivojlanayotgan sohalardan biriga aylantirmoqda, bu yerda hali ham yangi o‘yinchilar va innovatsion yechimlar uchun imkoniyatlar mavjud.
Fintech sohasidagi muvaffaqiyatli mahsulotlar
O‘zbekistonda startaplar uchun namuna bo‘la oladigan Fintech sohasida bir nechta muvaffaqiyatli mahsulotlar mavjud:
• “Click” va “Payme”, “Oson”, “Paynet”, “Uzum” — mobil to‘lov tizimlari allaqachon O‘zbekiston aholisi orasida ommalashgan. Ular smartfonlar orqali tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishning qulay va xavfsiz usullarini taklif etadi.
• “Uzcard” va “Humo” — mamlakat ichida naqd pulsiz to‘lovlar va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish uchun foydalaniladigan to‘lov tizimlari bo‘lib, bozorda muhim o‘yinchi hisoblanadi va to‘lov yechimlarini rivojlantirishga qaratilgan startaplar uchun namuna bo‘la oladi.
• “Sug‘urta Bozor” — O‘zbekistondagi birinchi onlayn sug‘urta xizmatlari marketpleysi. Saytda avtosug‘urta polislarini, jumladan, OSAGO majburiy sug‘urta polisi va KASKO ixtiyoriy sug‘urta polisini sotib olish mumkin. Chet elga sayohat rejalashtirish paytida, safar davomidagi baxtsiz hodisalardan sug‘urtalanish imkoniyati ham mavjud.
• “IMAN” va “Alif” — Markaziy Osiyodagi islomiy moliya sohasidagi startaplar. “Alif” shariat tamoyillarini hisobga olgan holda kreditlar va to‘lov yechimlarini o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli moliyaviy xizmatlarni taklif etuvchi texnologik jihatdan ilg‘or neobankni taqdim etadi. O‘zbekistonda joylashgan “IMAN” esa islomiy moliya tamoyillari asosida sotuvchilar, xaridorlar va investorlarni birlashtirgan marketpleysdir. 2019-yilda tashkil etilganidan beri “IMAN” mamlakatda halol moliyaviy mahsulotlarni rivojlantirishga hissa qo‘shish orqali shariat me’yorlariga mos keladigan shaffof va adolatli moliyaviy yechimlarni taqdim etishga intilmoqda.
• “Jett” startapi — bu brokerlar, fintech kompaniyalari va chakana investorlarni birlashtirgan investitsiya platformasi bo‘lib, fond bozorini O‘zbekistondagi keng auditoriya uchun yanada qulayroq qiladi. Ishga tushirilganidan beri O‘zbekiston fond birjasidagi tranzaksiyalarning 70 foizdan ortig‘i “Jett” orqali amalga oshirilmoqda, bu esa platformaning mahalliy bozorga sezilarli ta’siridan dalolat beradi. Platforma, shuningdek, aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga va investorlar hamda aksiyadorlik jamiyatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga yordam beradi.
• “Humans”, “Hambi” superilovalari va endigina boshlangan “OQ” — yagona platformada turli xizmatlarni birlashtirgan ko‘p funksiyali ilovalardir. O‘zbekiston bozoridagi superapplar orasida birinchilardan bo‘lib “Humans” foydalanuvchilarga mobil aloqa xizmatlarini, komissiyasiz moliyaviy operatsiyalarni, bank kartasini va keshbek tizimini taklif etadi.
Fintech sohasida o‘z startapingizni qanday boshlash mumkin?
Agar siz Fintech sohasida o‘z startapingizni ishga tushirmoqchi bo‘lsangiz, quyidagi qadamlar sizga yordam berishi mumkin:
1. Muammoni aniqlash. Mahsulotingiz hal qila oladigan bozor ehtiyojini toping. Bu mavjud moliyaviy jarayonlardagi noqulaylik, samarasizlik yoki foydalanuvchilarning ma’lum bir toifasi uchun yechimning yo‘qligi bo‘lishi mumkin.
2. Bozorni o‘rganish. Raqobat, iste’molchilar ehtiyoji va bozor tendensiyalarini baholang. Bozorni tushunish sizga talab yuqori bo‘lgan mahsulot yaratishga yordam beradi.
3. Mahsulotni ishlab chiqish. MVP (Minimal hayotiy mahsulot) yarating va uni haqiqiy foydalanuvchilar bilan sinab ko‘ring. Xavfsizlikka alohida e’tibor qarating, chunki moliyaviy ilovalar ishonchli bo‘lishi shart.
4. Litsenziya olish. Bozorga kirishning muhim jihati Markaziy bank litsenziyasini olishdir.
5. Investitsiyalarni jalb qilish. Loyihangizga qiziqqan investorlarni toping va qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish uchun akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarida ishtirok eting.
O‘zbekistonda hozirda ham mahalliy (IT Park Ventures, United Ventures, UzVC, AloqaVentures, Semurg VC, UC Ventures, SQB VC, Startup Garage), ham xalqaro fondlar (Sturgeon Capital, DOMiNO Ventures), shuningdek, xususiy investorlar va biznes farishtalar faoliyat yuritmoqda.
Ba’zida startaplarga nafaqat mablag‘, balki mentorlik yordami va tajriba ham yetishmaydi. Buning uchun O‘zbekistonda mahalliy akseleratorlar (Plug and Play, U-Enter, Aloqa Tech Lab, Tumaris.Tech) va inkubatsiya markazlari (MDIS, U-Enter, C-Space, Swift Launch, Startup Garage, TDIU, G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali) faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston startaplari xalqaro akseleratorlarga ham ariza topshirishlari mumkin: Y Combinator (AQSH), Techstars (AQSH), 500 Startups (AQSH), Seedcamp (Buyuk Britaniya), Plug and Play Tech Center (AQSH), Startupbootcamp (Yevropa), MassChallenge (AQSH), Alchemist Accelerator (AQSH), HAX (Xitoy va AQSH), Brinc (Gonkong), The Family (Fransiya), Rockstart (Niderlandiya), Level39 (Buyuk Britaniya) va boshqalar.
6. Marketing va kengaytirish. Foydalanuvchilar va hamkorlarni jalb qilishga yordam beradigan marketing strategiyasini ishlab chiqing. Muvaffaqiyatli ishga tushirilgandan so‘ng, bozorni kengaytirishni boshlang.
Fintech shunchaki trend emas, balki moliya sohasidagi haqiqiy inqilobdir. O‘zbekistondagi startapchilar uchun bu innovatsiyalarni joriy etish imkoniyatlariga boy bo‘lgan tez rivojlanayotgan sohaga kirish uchun ajoyib fursatdir. Raqamli yechimlarga qiziqish ortib borayotgani va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani hisobga olinsa, O‘zbekiston Fintech sohasida yangi mahsulotlarni ishlab chiqish uchun jozibador bozorga aylanmoqda. Texnologiyalar rivojlanib bormoqda, ularning ahamiyati va imkoniyatlarini anglaganlar bozorda muvaffaqiyatli raqobatlasha oladilar.
Mavzular: