15-iyul
TASS Vision Purple Ventures’dan 0,5 million yevro jalb qilib, 1,3 million yevrolik raundni yakunladi
Chexiyaning “Purple Ventures” fondi O‘zbekistondagi startapga sarmoya kiritgan Markaziy Yevropadagi ilk jamg‘arma bo‘ldi. Yangi bosqichda startap 1,3 million yevro jalb qildi. “Purple Ventures” 500 ming yevro sarmoya kiritdi, qolgan mablag‘lar esa “Domino VC”, “Pragma Tech VC”, “Sabah Fund”, “Caucasus VC”, “Big Sky Capital”, “UzVC” hamda ikki yil oldin loyihani qo‘llab-quvvatlagan farishta investorlar Bahrom Abduqodirov va Ahror Abdukarimov tomonidan ta’minlandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktyabrdagi “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tasdiqlangan “Raqamli startaplar” dasturi asosida 1+1 qo‘llab-quvvatlash chorasiga ko‘ra (kamida 50 million dollar kapitalni boshqaradigan venchur fondlaridan xorijiy investitsiyalarni ikki baravar ko‘paytirish, bunda qo‘shma investitsiyalar miqdori 100 ming dollardan oshmasligi shart), “Tass Vision” “IT Park Ventures” fondidan 100 ming dollar miqdorida qo‘shimcha investitsiya jalb qildi.
“TASS Vision” chakana sotuvchilarga xaridorning do‘kondagi harakatini va ma’lumotlarni bulutga uzatmasdan bevosita qurilmaning o‘zida vitrinalar samaradorligini tahlil qilishga yordam beradigan sun’iy intellekt kameralarini ishlab chiqmoqda. Bu ayniqsa mijozlar maxfiyligini ta’minlash uchun muhimdir.
2024-yilda “TASS Vision” “President Tech Award” tanlovida “Sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni egallab, 100 ming dollar miqdoridagi sovrinni qo‘lga kiritgan.
Bugungi kunda “TASS Vision” texnologiyalari 9 mamlakatdagi 2000 dan ortiq do‘konda qo‘llanilmoqda, elektronika, moda, FMCG va farmatsevtika sohasidagi yuzlab brendlar esa kompaniya mijozlariga aylandi. Startapga Shahzod Umirzoqov va Jamshidjon Hakimjonov asos solgan — mahsulot g‘oyasi Shahzodga yoshligida, avtobuslarda chipta nazoratchisi bo‘lib ishlaganida va biznes inson omili hamda firibgarlik tufayli qancha daromad yo‘qotayotganini kuzatganida paydo bo‘lgan.
Shahzod Umirzoqov, “TASS Vision” hammuassisi:
“Biz peshqadamlar sifatida O‘zbekistondagi keyingi startaplar uchun yo‘l ochmoqdamiz. Endilikda ular nafaqat mahalliy, balki xalqaro institutsional venchur fondlaridan ham investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu startaplarni rivojlantirish va rivojlangan bozorlarga chiqish imkoniyatlarini oshiradi. Ishonchim komilki, biz uchun qilingan bu istisno jamoamizning Markaziy Yevroosiyoda — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston, BAA, Turkiya va Saudiya Arabistonida yuqori natijalarga erishgani bilan bog‘liq.”
So‘nggi ikki yil ichida “TASS Vision” har yili 500 foizga o‘sib, O‘zbekiston, Koreya va Xitoyda R&D ofislarini ochdi. Jamoa yangi sarmoyalarni sun’iy intellekt kameralarining keyingi avlodini ishlab chiqishga yo‘naltiradi — qurilmalar 20 baravar tezroq va o‘rnatish ancha osonroq bo‘lishi va’da qilinmoqda. Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Yevroosiyo bozorlariga kirib borish rejalashtirilgan. Startapning maqsadi “Google Analytics” elektron tijorat uchun qanday ahamiyatga ega bo‘lsa, oflayn chakana savdo uchun ham shunday bo‘lishdir.
“Purple Ventures” bilan bitimni imzolash mintaqaviy venchur kapital bozori uchun muhim voqea hisoblanadi. “TASS Vision” kompaniyasi ularning muvaffaqiyati O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar tadbirkorlarini global imkoniyatlarni izlashga va jahon miqyosidagi texnologik biznesni yaratishga ilhomlantiradi, deb ishonadi.
Mavzular: