27-may
Toshkentda “Turin x IT Park: AI Hackathon 2025” — sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha hakaton yakunlandi
Toshkentda Turin politexnika universiteti negizida IT Park Uzbekistan va bosh homiy — “UzAuto” ko‘magida sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha “Turin x IT Park: AI Hackathon 2025” xalqaro hakatoni o‘tkazildi. Tadbir yetakchi sanoat hamkorining haqiqiy muammolarini yechishga tayyor bo‘lgan yosh mutaxassislar, talabalar va startapchilarni jamladi.
Uch kun davomida ishtirokchilar “UzAuto” tomonidan tayyorlangan to‘rtta texnik vazifa ustida ishladilar — har bir yo‘nalishda ikkitadan: sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik. Hakatonning birinchi kunida 45 ta jamoa (120 nafar ishtirokchi) ishni boshladi, ikkinchi kuni 34 ta jamoa (91 nafar ishtirokchi) bellashuvni davom ettirdi va 29 ta jamoa (82 nafar kishi) finalga chiqdi.
“Angel Connect” bilan hamkorlik tufayli tadbir ishtirokchilari taniqli mutaxassislarning mentorlik ko‘magidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Mentor sifatida “TDI AI Creative Agency” strategik direktori Sergey Shima, 10 yildan ortiq tajribaga ega amaliyotchi marketolog, brend-strateg va BI-tahlilchi Ilya Aleksashin, shuningdek, birinchi Sun’iy Intellekt Akademiyasi asoschisi, 1 million dollarlik onlayn tadbirkor Yusufboy Qodirov ishtirok etdi. Hakatonning umumiy sovrin jamg‘armasi 100 million so‘mni tashkil etdi.
Tanlov yakunlari bo‘yicha hakamlar hay’ati g‘oliblarni aniqladi. Birinchi o‘rinni omborning raqamli egizagi va aktivlarni sun’iy intellekt asosida boshqarish tizimini taqdim etgan “Nova” jamoasi qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga 50 million so‘m mukofot berildi.
Ikkinchi o‘rinni hujjatlarni qalbakilashtirishdan himoya qilishni taklif etuvchi “Doppi Dev” jamoasi egalladi. Jamoa 30 million so‘m mukofotga sazovor bo‘ldi.
Uchinchi o‘rinni “Smart Steps” jamoasi egalladi. Jamoa a’zolari “UzAuto” tashkilotida savdoni optimallashtirish jarayonini ishlab chiqdilar va 20 million so‘m mukofotga ega bo‘ldilar.
“Turin x IT Park: AI Hackathon 2025” O‘zbekistonning IT-iste’dodlarini rivojlantirish, tajriba almashish va iqtisodiyotning real sektoriga innovatsion yechimlarni joriy etish uchun muhim maydonga aylandi. Tadbir yosh mutaxassislarning yuqori tayyorgarlik darajasini, ularning murakkab texnologik muammolarni hal qilish qobiliyatini va sun’iy intellekt hamda kiberxavfsizlik sohasida yanada rivojlanishga tayyorligini namoyish etdi.
IT Park Uzbekistan mamlakatning raqamli ekotizimini rivojlantirish va yosh iste’dodlarni jahon IT-hamjamiyatiga integratsiya qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
Mavzular: