10-dekabr

O‘zbek startaplari Qozog‘iston bozorida ilk natijalarga erishdi
Market Entry dasturi doirasida o‘zbek startaplari Qozog‘iston bozorida o‘z faoliyatini boshlab, dastlabki mijozlar va hamkorliklarini yo‘lga qo‘ya oldi. Jarayon IT Park Uzbekistan va Astana Hub hamkorligida tashkil etilib, ikki davlat startaplarining o‘zaro tajriba almashuvi va transchegaraviy hamkorligini kuchaytirdi.
"Astana Hub bilan hamkorlik biz uchun alohida ahamiyatga ega - qo‘shma tashabbuslar butun Markaziy Osiyo mintaqasining texnologik muhitini mustahkamlaydi. Market Entry dasturi bunday hamkorlikning namunasi bo‘ldi: o‘zbek startaplari Qozog‘iston bozorida ishlay boshladi va 10 ta qozog‘istonlik jamoa Digital Startup Awards akseleratsiya trekiga kirdi. Bu ayirboshlash mintaqa tadbirkorlari uchun haqiqiy qiymat yaratadi. Biz Markaziy Osiyoning yagona va raqobatbardosh innovatsion muhitini shakllantirish orqali qo‘shma loyihalarni yanada kengaytirish niyatidamiz." - Elyor Maksudov, IT Park Uzbekistan, Startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo'yicha direktor.
O‘zbekiston jamoalari mahalliy kompaniyalar bilan muzokaralar olib bordi, pilot jarayonlarni boshladi va bir qator xizmatlar bo‘yicha o‘z texnologiyalarini amalga tatbiq eta boshladi. Qozog‘istonlik mutaxassislar tomonidan bildirilgan talab, texnologiyalarni moslashtirish hamda bozorga chiqish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar startaplar uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Dastur ikki tomonlama formatda o‘tkazildi: Qozog‘istondan 10 ta startap Digital Startup Awards akseleratsiya trassasiga qabul qilindi, bu esa mintaqaviy innovatsion almashinuvning yana bir muhim bosqichi bo‘ldi.
Markaziy Osiyo bozorlarida startaplar faoliyati kengayib borayotgani mintaqa texnologik hamjamiyatining kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. IT Park Uzbekistan mintaqaviy hamkorlikni davom ettirib, startaplar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda davom etadi.









