19-noyabr

O‘zbekiston Web Summit Lisbon'da ishtirok etdi
Dunyoning eng yirik texnologik tadbirlaridan biri bo‘lgan Web Summit Lisbon yana bor Lissabon shahrini global innovatsiyalar markaziga aylantirdi. Mahsulot namoyishlari, investorlar bilan uchrashuvlar va rasmiy delegatsiyalar fonida O‘zbekistonning ishtiroki alohida e’tiborni tortdi. Bu yilgi qatnashuv mamlakatning global texnologik maydonga kirayotganini emas, balki ushbu makonda tobora faol o‘ringa ega bo‘layotganini ko‘rsatdi.
Web Summit Lisbon — har yili Portugaliyaning Lissabon shahrida o‘tkaziladigan Web Summit seriyasining asosiy tadbiridir. Bu yerda dunyoning yirik texnologiya kompaniyalari, investorlar, startaplar, akseleratorlar, muhandislar va siyosatchilar yig‘iladi. Joriy yilda tadbir 157 davlatdan 71 386 nafar ishtirokchini, 86 davlatdan 1 857 investorni va 108 davlatdan 2 725 startapni birlashtirdi.
O‘zbekiston IT Park Uzbekistan va IT Park Ventures delegatsiyasi, shuningdek Mirasoft, Tuzuk.ai, Datox va Deepen startaplari bilan ishtirok etdi. Mamlakat pavilyonida mehmonlar O‘zbekiston ekotizimini rivojlantirayotgan jamoalar bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Hafta kuchli start bilan boshlandi: IT Park Uzbekistan’ning Yevropa bo‘yicha direktorі Vsevolod Li Web Summit’dagi “How innovation and foreign direct investment work in tandem” panelida qatnashdi. U O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi texnologik o‘zgarishlari, raqamli infratuzilma, startap ekotizimi va xorijiy investorlarga qiziq bo‘layotgan yangi imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. DataVolt bilan hamkorlikdagi yangi “yashil” data-markazlar ushbu o‘zgarishlarning eng yorqin misollaridan biri bo‘lib, ular nafaqat zamonaviy texnologiyalarni, balki mahalliy AI mutaxassislarini tayyorlash imkonini ham yaratadi.
“FDI bugun nafaqat kapital, balki kompetensiya demakdir. Muhimi — texnologiya, ko‘nikma va muhandislik madaniyatini olib kiradigan investitsiyalar. Biz hamkorlarimiz bilan O‘zbekistonda aynan shunday transformatsiyani amalga oshirmoqdamiz”, — dedi Vsevolod Li.
Web Summit doirasida Plug and Play Tech Center bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Plug and Play unlocks new destinations: Explore Uzbekistan” tadbirida ham yirik qiziqish kuzatildi. 90 dan ortiq startap asoschilari, investorlar va ekotizim vakillari O‘zbekiston haqida ko‘proq bilish uchun yig‘ildi. Savollar soliq imtiyozlaridan tortib sandbox tartib-qoidalarigacha, transchegaraviy kengayish imkoniyatlariga qadar bo‘ldi. Bu — O‘zbekiston endi uzoq bozor emas, balki jadal o‘sayotgan strategik yo‘nalishlardan biriga aylanganini ko‘rsatadi.
Plug and Play vakili Karolina Ferreira da Silva O‘zbekistonni Markaziy Osiyo va Kavkaz uchun hududiy ofis sifatida tanlash sabablarini tushuntirdi: kuchli muhandislik resurslari, tezkor raqamli islohotlar va global hamkorlar uchun katta salohiyat.
O‘zbekiston ekotizimi taqdimoti ishtirokchilarga mamlakat nima uchun yangi istiqbolli yo‘nalish sifatida qaralayotganini aniq ko‘rsatdi. Vsevolod Li ta’kidladi:
“O‘zbekiston tarixan bog‘lovchi nuqta bo‘lgan — Buyuk Ipak Yo‘lidan tortib, bugungi Digital Silk Road’gacha. Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo vaqt mintaqalari bilan mosligi hamkorlikni osonlashtiradi. Ekotizim yosh bo‘lsa-da, bugungi kunda $3.9 mlrd qiymatga ega, dunyodagi eng tez o‘sayotgan bozorlar qatoriga kiradi va Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinda turadi. 600+ startap, 2 ta unicorn va 0% soliq imtiyozlari bilan O‘zbekiston global kengayish uchun qulay maydon bo‘lib bormoqda.”
Tadbir davomida delegatsiya global ekotizimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
Yangi bozorga kirish bo‘yicha hamkorliklar
Delegatsiya Yevropa, APAC va Yaqin Sharq bozorlariga kirish mexanizmlarini muhokama qildi. Bir qator xalqaro tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi:
Niderlandiya Iqtisodiyot vazirligi va DutchBaseCamp — startaplar uchun Yevropaga soft-landing modeli bo‘yicha muzokaralar.
Seoul Business Agency (Janubiy Koreya) — ikki tomonlama akseleratsiya dasturlari va startap almashinuvi bo‘yicha muloqot.
Investment & Finance Office of Turkey — O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi startap ko‘priklarini yaratish bo‘yicha muzokaralar.
VNTR VC (Kipr) — O‘zbekiston startaplari uchun Yevropaga kirish nuqtasi sifatida Kipr imkoniyatlari.
Global aloqalarni kengaytirish
Summit davomida O‘zbekiston pavilyoni Yevropa, MDH va Osiyodan kelgan startaplar, investorlar va akseleratorlar tomonidan faol tashrif buyurildi. Ko‘plab mehmonlar IT Park Uzbekistan’ning dasturlari, global vakolatxonalari, Digital Startups Program imkoniyatlari va mahalliy bozorda pilotlarni sinab ko‘rish sharoitlariga qiziqish bildirdilar.
Delegatsiya shuningdek venchur fondlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, yuqori o‘sish salohiyatiga ega O‘zbekiston startaplari bo‘yicha investitsiya pipeline yaratish masalalarini muhokama qildi.
Mirasoft, Tuzuk.ai, Datox va Deepen startaplari o‘z mahsulotlarini taqdim etib, texnik darajasi va bozorga tayyorligi bilan ishtirokchilarning e’tiborini tortdi.
Hafta yakunida shunday xulosa shakllandi: O‘zbekiston Web Summit Lisbon’da nafaqat kuzatuvchi sifatida, balki global texnologik hamkorliklar va munosabatlarni shakllantirayotgan faol ishtirokchi sifatida qatnashdi. Mamlakatning xalqaro dasturlar, hamkorliklar va investitsiya yo‘nalishlariga qaratilgan strategiyasi O‘zbekiston ekotizimining global sahnaga tobora faol chiqayotganini ko‘rsatdi.
- #Startup
- #Yangilik
- #Expo
Mavzular:









