4-iyun
O‘zbekistonning startap taraqqiyoti: IT Park qanday qilib startap ekotizimini qayta jonlantirmoqda
IT Park Uzbekistan ko‘magi bilan 20 dan ortiq tashabbus tashkil etildi va qo‘llab-quvvatlandi. Ularda 1858 kishi va 191 ta startap hamda jamoa ishtirok etdi. Umumiy mukofot jamg‘armasi 90 000 AQSH dollardan ko‘proqni tashkil etdi.
Biroq bu raqamlar ortida yanada ko‘proq narsa yashirin: o‘z g‘oyalari bilan ilk bor chiqqan iste’dodli talabalar; loyihalarda salohiyatni ko‘rgan investorlar; va atigi 48 soat ichida prototip darajasidagi yechimlarni yaratgan jamoalar. Bularning barchasi O'zbekistonning Markaziy Osiyoning texnologik yuragiga aylanishga tayyorligi va buni kutilgandan ham tezroq amalga oshirayotganining belgilaridir.
Tanlovlar va hakatonlar: dastlabki qadamlarning drayverlari
Oyni boshlab bergan tadbirlardan bir — “Anti-Corruption Hackathon” bo‘ldi. Musobaqa 300 dan ortiq ro‘yxatdan o‘tgan va 150 nafar ishtirokchini birlashtirib, 28 ta jamoani shakllantirdi. Ikki kun davomida qatnashchilar shaffoflikni oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashish uchun raqamli yechimlarni yaratdilar. G‘olib deb topilgan UzInfoCom jamoasi “UzInfoCom” jamoasi Gonkongdagi xalqaro xakatonga taklif etildi. Ikkinchi o‘rinni “Equilibrium”, uchinchi o‘rinni esa “Austrum” jamoasi egalladi.
“DesCom Quest Hackathon” doirasida dizaynerlar, mahsulot ishlab chiqaruvchilar va dasturchilar o‘z kuchlarini sinab ko‘rdi. Unda 80 ishtirokchi 28 jamoa tarkibida qatnashdi. G‘oliblar: “Tarroh” (FinTech), “Emotion First” (EdTech) va “DSGNRS” (TourTech) bo‘ldi.
“Turin x IT Park Hackathon” kuchli turtki berdi, unda 45 ta jamoadan iborat 120 nafar ishtirokchi “UzAuto” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan 100 million so‘mlik sovrin jamg‘armasi uchun kurashdi. “Nova” jamoasi 50 million so‘m bilan birinchi o‘rinni, “Doppi Dev” — 30 million bilan ikkinchi o‘rinni, “Smart Steps” esa 20 million bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Bu shunchaki hakaton emas, balki yosh jamoalar sanoat buyurtmachisining haqiqiy vazifalarini hal qiladigan to‘laqonli sinov bo‘ldi.
“Yosh Dasturchi Ko‘rik Tanlovi” final bosqichida butun mamlakat bo‘ylab ko‘rish qobiliyati cheklangan 15 nafar yosh dasturchilar ishtirok etdi. Shaxzod Hasanov birinchi o‘rinni egallab, 3 million so‘m pul mukofoti va planshet bilan taqdirlandi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari Jaloliddin Sirajiddinov hamda Farrux Jumanazarov ham texnik sovg‘alar va pul mukofotlariga sazovor bo‘lishdi. Tanlov inklyuziv ekotizim sari qo‘yilgan qadam bo‘lib, yosh dasturchilarning dastlabki texnologik yechimlari uchun platforma vazifasini o‘tadi.
1-may kuni start olgan “President Tech Award” tanlovining uchinchi bosqichi butun mamlakat bo‘ylab 30 dan ortiq universitet va IT Park filiallarini qamrab olgan keng ko‘lamli roadshow dasturini yo‘lga qo‘ydi. Taqdimotlar va mahorat darslari talabalar, o‘qituvchilar hamda yosh innovatorlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu tanlovga ro‘yxatdan o‘tish 1-iyulgacha davom etadi.
Ta’lim, tayyorgarlik, ongli o‘sish
IT Park Uzbekistan tomonidan “SamDVMCHBU” universitetining Toshkent filialida Agritech va MedTech yo‘nalishlaridagi startaplarga bag‘ishlangan tematik seminar tashkil etildi. Unda 100 nafar talaba va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Ular uchun bu tadbir texnologik kontekstda tadbirkorlik kun tartibi bilan o‘zaro aloqaning ilk amaliy tajribasi bo‘ldi.
Bundan tashqari, “Revera Law Group” bilan hamkorlikda “Investordan puldan tashqari yana nima so‘rash kerak?” mavzusida vebinar o‘tkazildi. Mazkur vebinarda 16 ta startap — 7 tasi xorijdan va 9 tasi O‘zbekistondan — ishtirok etdi. Tadbir davomida investitsiyalarni jalb etishda moliyaviy bo‘lmagan jihatlar muhokama qilindi: strategik ekspertizadan tortib, xalqaro tarmoqlarga kirish va korporativ aloqalardan foydalanish imkoniyatlari haqida so‘z bordi.
Inkubatsiya va akseleratsiya: g‘oyadan bozorgacha
May oyida ayrim inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari yakuniga yetdi, boshqalari esa yangi bosqichni boshladi. Bu jarayon startaplarni rivojlanishning turli bosqichlarida uzluksiz qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirishda davom etmoqda.
“Creative Incubator Final Demo Day” ijodiy jamoalar uchun intensiv tayyorgarlik bosqichining yakuniga aylandi. 79 ta arizachi jamoa orasidan 9 tasi finalga yo‘l oldi. G‘oliblar quyidagicha moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi: “Almanac” – 30 million so‘m, “Tezhip.uz” — 20 million so‘m, “Creatives.uz” — 10 million so‘m.
JIDUdagi inkubatsiya dasturi 8 ta talabalar startapini birlashtirdi: “DMTS”, “iTree”, “AI Lab”, “Rahmat”, “CampusLink”, “MEDAtlas”, “Find.uz” va “Incepto”. Barcha jamoalar dastur davomidaamaliy yo‘l-yo‘riq oldilar, o‘z MVP-larini ishlab chiqdilar hamda mentorlik yordamidan foydalandilar.
Texnologik yo‘nalishga e’tibor qaratgan “Domino Ventures”ning “Better Future Acceleration” dasturi doirasida esa sun’iy intellekt sohasidagi 12 ta startap tezlashtirilgan yo‘nalishda ishtirok etmoqda. Ular orasida: “TenderGPT”, “TPM Solutions”, “PromptLab” va “SOT AI”. Dastur mahsulot ekspertizasidan tortib, trekshn-marketing va xalqaro taqdimotlargacha bo‘lgan barcha jihatlarni qamrab oladi.
Mahalliy tadbirlar: ekotizim harakatda
15-may kuni bo‘lib o‘tgan “Plug and Play Expo 2025” ko‘rgazmasi texnologik ekotizimdagi asosiy voqealardan biriga aylandi. Unda 400 dan ortiq mehmon, jumladan, investorlar, korporatsiyalar, startapchilar va xorijiy hamkorlar ishtirok etdi. Sahnada 32 ta startap — akseleratsiya dasturlarining bitiruvchilari — o‘z loyihalarini namoyish qildi. Bu shunchaki “Demo Day” emas, balki yetuk jamoalarning ko‘rgazmasi bo‘ldi.
“GSMA M360 Eurasia” doirasida 10 ta startap ishtirokida pitching sessiyasi tashkil etildi. G‘oliblar — “Fonus” ($25 000 SAFE investitsiya va Barselonadagi “4YFN” tadbiridada ishtirok etish imkoniyati), “Daryn online” ($10 000 SAFE) va “exode.biz” ($5 000 SAFE) — qisqa muddatda xalqaro maydonga chiqqan mahalliy loyihalarning yorqin namunasi bo‘ldi.
“Agile Scale Forum”da 250 nafar ishtirokchi — jamoa yetakchilaridan va tadbirkorlar jamlandi. Ular moslashuvchanlikni yo‘qotmasdan jamoalarni qanday qilib samarali kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Dastlabki bosqichdagi jamoalar uchun “Startup Advice” formati tashkil etildi. Bu sessiyada 25 nafar yangi startap ishtirok etdi va ekspertlardan fikr-mulohazalar oldi. Sessiya davomida ishtirokchilar g‘oyalarni tasdiqlash, investorlar bilan muloqot qilish va jamoalarni shakllantirishda yo‘l qo‘yilayotgan asosiy xatolarni tahlil qilishdi.
Alohida e’tiborga molik tadbirlardan yana biri bu — “IT Insiders” uchrashuvi bo‘ldi. O‘zbekistonning yetakchi oliygohlaridan 10 nafar talaba IT-ekotizimining ilk elchilari sifatida tanlandi. Ular IT Park jamoasi bilan birgalikda talabalar tashabbuslari mamlakatning texnologik landshaftini qanday o‘zgartira olishini muhokama qilishdi.
Xalqaro maydonlar: ishonch bilan xalqaro sahnaga chiqish
Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan “GITEX Europe 2025” ko‘rgazmasi O‘zbekistonni Yevropa texnologik xaritasida targ‘ib qilish yo‘lidagi muhim bosqichga aylandi. “Central Asian Innovation Hubs” qo‘shma tashabbusi doirasida O‘zbekiston Qozog‘iston bilan birgalikda umumiy stendda ishtirok etdi. O‘zbekistondan 8 ta startap, jumladan “Unitlab AI”, “Eskiz Media Group”, “EdSmart”, “Realsoft AI”, “Fido Business”, “K-Tech”, “Evertech” va “UzInfoCom” o‘z loyihalarini namoyish etdi. Ko‘rgazma doirasida ishtirokchilar investorlar va hamkorlar bilan o‘nlab B2B uchrashuvlar o‘tkazdi.
“Dubai Fintech Summit” tadbirida O‘zbekiston 5 ta fintech-startap bilan qatnashdi hamda islomiy va xalqaro moliya segmentidagi potensial investorlar va strategik hamkorlar bilan 10 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazdi.
Dubayda o‘tkazilgan “Machines Can See Summit” esa sun’iy intellekt olamiga yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. O‘zbekistonlik uchta startap Buyuk Britaniya, Koreya, Germaniya va BAA kompaniyalari bilan yettita hamkorlik shartnomasi imzoladi. Bu ishtirok nafaqat imkoniyatlar ko‘rgazmasi, balki eksport faoliyatining boshlanishi ham bo‘ldi.
May oyida IT Park vakillari Ashxobod va Dushanbega tashrif buyurib, O‘zbekistonning startap ekotizimini taqdim etdilar, amaldagi tashabbuslar va rejalashtirilayotgan xalqaro loyihalar haqida ma’lumot berdilar. Ashxobodda o‘tkazilgan tadbirda 170 ga yaqin, Dushanbeda esa 70 nafar ishtirokchi qatnashdi. Bu esa mintaqaviy texnologik va innovatsion hamkorlikka bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatdi.
Xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik faqat oflayn tarzda olib borilmadi. May oyida Fransiyaning “VivaTec”h texnologik ko‘rgazmasida ishtirok etishga tayyorlanayotgan uchta startap bilan onlayn suhbat o‘tkazildi. Unda mahsulotlarni mahalliylashtirish, Yevropa bozori uchun qiymat taklifini ishlab chiqish va potensial investorlar bilan dastlabki muloqot masalalari muhokama qilindi.
Global miqyosda esa “StartupBlink” O‘zbekistonni yangilangan “Global Startup Ecosystem Index 2025” reytingiga kiritib, mamlakat ichida faollikni oshirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni e’tirof etdi. O‘zbekiston birinchi marta bir yil ichida 12 pog‘onaga ko‘tarilib, Top-100 talikka kirdi va Growth Rate bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.
2025-yil may oyi O‘zbekiston uchun startap ekotizimining yangi yetuklik darajasiga o‘tgan oy bo‘ldi. Hakatonlar ortidan akseleratsiyalar, keyin esa investitsiyalar va global texnologik maydonlardagi ishonchli qadamlar keldi. Tashabbuslar asta-sekin ta’lim, tadbirkorlik, eksport va xalqaro hamkorlikni qamrab oluvchi, barqaror va o‘zaro bog‘langan o‘sish tarmog‘iga aylanishni boshladi.
IT Park Uzbekistan o‘zining missiyasi doirasida, startaplar nafaqat paydo bo‘lishi, balki ichki bozor va xalqaro maydonlarda ham kengayishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda davom etadi. Joriy o‘sish sur’ati va barcha ishtirokchilarning faolligi saqlanib qolsa, 2030-yilga borib O‘zbekiston global texnologik hab sifatida o‘z o‘rnini bemalol egallashi mumkin.
Mavzular: