11-avgust

Qanday qilib “unicorn” kompaniyaga aylanish mumkin: 10 ta eng yaxshi akselerator
O‘zbekiston startaplari xorijiy bozorga chiqish, investitsiyalar jalb qilish va o‘z loyihalarini kengaytirish yo‘lida xalqaro akselerator dasturlarini tobora ko‘proq ko‘rib chiqmoqda. Bunday dasturlar startaplarga mentorlar, investorlar va global ekotizimlardan foydalanish imkonini beradi. Stenford universiteti professori Ilya Strebulayevning ma’lumotlariga ko‘ra, aynan quyidagi akseleratorlar eng ko‘p “yakkashox”ga aylangan (qiymati 1 milliard dollardan ortiq) startaplarga sarmoya kiritgan. Quyida 10 ta yetakchi dastur va ularga qanday tarzda qo‘shilish mumkinligi haqida ma’lumot beriladi.
Ma’lumotlar Stenford universiteti professori Ilya Strebulayev tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot asosida keltirilgan. U o‘z tadqiqotida yetakchi akseleratsiya dasturlarida qatnashgan yakkashox startaplar sonini aniqlagan: Y Combinator — 101, Plug and Play — 40, 500 Global — 39, Techstars — 24, Capital Factory — 18, StartX — 10, Idealab! — 7, MassChallenge — 6, Neo — 5, betaworks — 5.
Y Combinator — dunyodagi eng yirik va eng nufuzli akseleratorlardan biri. Uning bitiruvchilari orasida “Airbnb”, “Stripe”, “Coinbase”, “DoorDash” va “Dropbox” kabi kompaniyalar bor. Dastur San-Fransiskoda oflayn tarzda o‘tkaziladi, uch oy davom etadi va yiliga to‘rt marta tashkil etiladi. Ishtirokchilarga boshlang‘ich moliyalashtirish, mentorlik va investitsiya tarmog‘idan foydalanish, shuningdek, rivojlanishning barcha bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash imkoniyati taqdim etiladi.
Ariza topshirish muddati: 4-avgust, Tinch okeani vaqti bilan soat 20:00
Plug and Play Tech Center — butun dunyo bo‘ylab 60 dan ortiq hududda akseleratsiya dasturlariga ega xalqaro platforma. Ushbu akseleratordan o‘tgan kompaniyalar orasida “PayPal”, “Dropbox” va “LendingClub” mavjud. Dasturlar turli sohalar bo‘yicha (fintech, logistika, sog‘liqni saqlash va boshqalar) ishlab chiqiladi va 3 oydan 12 oygacha davom etishi mumkin.
2022-yildan boshlab “Plug and Play” O‘zbekistonda rasman faoliyat yuritmoqda va IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda dasturlarni amalga oshirmoqda. O‘zbekistondagi ofis to‘rtta muvaffaqiyatli akseleratsiya to‘lqinini (batch) yakunladi. So‘nggi to‘lqin natijalari haqida batafsil ma’lumotni ushbu materialda topishingiz mumkin.
Shu bilan birga, xorijdagi o‘zbek diasporasi vakillari hamda mamlakatdan tashqaridagi startaplar uchun esa “Plug and Play”ning global dasturlarida ishtirok etish imkoniyati mavjud. Bu — jamoalar uchun xalqaro bozorga chiqish, mentorlik yordamini olish va o‘z loyihalarini xorijda kengaytirish imkoniyati.
Arizalar yil davomida qabul qilinadi.
500 Global (ilgari 500 Startups) — xalqaro jamoalar bilan ishlaydigan global akselerator. Mashhur bitiruvchilari qatorida “Canva”, “Credit Karma”, “Grab” va “Talkdesk” bor. Dastur 4 oy davom etadi va sarmoya kiritish, mentorlik va Demo Day’ga tayyorgarlikni o‘z ichiga oladi. “500 Global” ofislari AQSh, Yevroosiyo, MENA va boshqa mintaqalarda faoliyat yuritadi.
Ariza topshirish muddati: 2025-yil 11-oktyabr (36-to‘plam)
Techstars — 10 dan ortiq shaharlarda dasturlarga ega va masofadan turib ishtirok etish imkoniyatini taqdim etuvchi xalqaro akseleratorlar tarmog‘i. Bitiruvchilar orasida “SendGrid”, “DigitalOcean” va “Remitly” bor. Dastur 13 hafta davom etadi va investitsiyalar, global mentorlar tarmog‘idan foydalanish va bozorga kirish bosqichida qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.
Ariza topshirish muddati: qabul vaqtincha to‘xtatilgan
Capital Factory — AQSHning Texas shtatidagi Ostin shahrida joylashgan startap platformasi. Ish modeli startaplarni uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashga asoslangan: an’anaviy akseleratsiya o‘rniga ishtirokchilar infratuzilma, mentorlik yordami va hamkorlik dasturlaridan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bitiruvchilar: “Cart.com”, “Beamery”, “ZenBusiness”.
Arizalar doimiy qabul qilinadi
StartX — Stenford universiteti qoshidagi notijorat akselerator bo‘lib, faqat universitet bilan bog‘liq bo‘lgan (talaba, bitiruvchi yoki o‘qituvchi) asoschilarga ochiq. Dastur 10–12 hafta davom etadi va kompaniya ulushini talab qilmaydi. Rezidentlar orasida: “Lime”, “Patreon”, “Truepill”.
Arizalar doimiy qabul qilinadi
Idealab! — AQSHning Pasadena shahrida tashkil etilgan venchur studiya bo‘lib, “Overture”, “GoTo.com” va “NetZero” kabi kompaniyalarning ishga tushirilishi bilan tanilgan. Bu an’anaviy akselerator emas, balki yopiq studiya bo‘lib, unda kompaniyalar ichki tarzda yaratiladi va tashqi arizalar qabul qilinmaydi.
Ariza topshirish muddati: tashqi ishtirokchilar uchun yopiq
MassChallenge — Boston, Isroil, Shveytsariya, Buyuk Britaniya va Texasda ofislari mavjud bo‘lgan xalqaro akselerator. 4 oy davom etadigan dastur kompaniya ulushini talab qilmasligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bitiruvchilari orasida — “Ginkgo Bioworks”.
Ariza topshirish muddati: mintaqaga bog‘liq, arizalar to‘lqinlar bo‘yicha qabul qilinadi
Neo — yosh texnik asoschilarga mo‘ljallangan akselerator va venchur hamjamiyati. Dastur Oregon shtatida uch oylik butkemp va San-Fransiskodagi sessiyalarni o‘z ichiga oladi. Muvaffaqiyatli startaplar: “Delv AI”, “OneSafe”, “Dispatch”. 2025-yil uchun ariza topshirish yopilgan.
Ariza topshirish muddati: qabul yakunlangan (2025-yil uchun)
betaworks — Nyu-Yorkda joylashgan startap studiyasi va akselerator. “Kickstarter”, “Medium” va “Tumblr” kabi loyihalarga asos solgan. Dastur 13 hafta davom etadi va mavzuli yo‘nalishlarda (masalan, AI mahsulotlari) o‘tkaziladi.
Ariza topshirish muddati: 2026-yil bahorigacha ochiq
Xalqaro akseleratsiya xarajatlarini qoplash
Raqamli startaplarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida IT Park Uzbekistan xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etgan startaplarga xarajatlarning 50 foizigacha, biroq 20 ming AQSh dollaridan oshmaydigan qismini qoplash mexanizmini joriy etmoqda.
Qoplanishi mumkin bo‘lgan xarajatlar:
- ro‘yxatdan o‘tish to‘lovlari;
- aviachiptalar;
- yashash joyi.
Mazkur dastur startaplarga xalqaro miqyosda sifatli ta’lim olish va o‘z loyihalarini xorijiy bozorlarda kengaytirishda ko‘maklashishga qaratilgan.
Xalqaro akseleratorlarda ishtirok etish O‘zbekiston startaplariga global maydonda o‘zini namoyon etish, shuningdek, venchur investorlar, korporatsiyalar va soha ekspertlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. IT Park Uzbekistan startaplari uchun bu nafaqat yangi bozorlarga kirish imkoniyati, balki eksport salohiyatini rivojlantirish, raqobatbardoshlikni oshirish va jahon texnologik ekotizimiga integratsiyalash vositasi hisoblanadi.
- #Startup
- #Yangilik
Mavzular: