11-dekabr

Tilmoch AI: kelajak til texnologiyalarini o‘zgartiruvchi o‘zbekistonlik startap
Global mashina tarjimasi xizmatlari o‘nlab yillar davomida ingliz, ispan yoki xitoy tillari uchun vositalarni rivojlantirib kelayotgan bir paytda, turkiy tillar deyarli e’tibordan chetda qoldi. O‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turk kabi boy, agglyutinativ tillar NLP sohasida “oq dog‘” bo‘lib qolaverdi.
Aynan shu bo‘shliqni 2022-yilda o‘zbekistonlik yosh muhandis Muhammadsaid Mamasaidov to‘ldirib, bugun butun mintaqada tanilgan startapni ishga tushirdi — Tilmoch AI.
Tilmoch — o‘zbek, qoraqalpoq va boshqa turkiy tillardagi matnlarni tarjima qilish va tekshirish uchun sun’iy intellekt platformasini ishlab chiquvchi O‘zbekistondagi texnologik kompaniya. Bu startap “Tahrirchi” loyihasidan boshlangan bo‘lib va hozirda mintaqadagi eng istiqbolli sun’iy intellekt xizmatlaridan biri hisoblanadi. 2025-yilda “Tilmoch” 1,5 million dollarga baholanib, “AloqaVentures”, “Yoshlar Ventures” va “IT Park Ventures” fondlaridan 150 000 dollar sarmoya jalb etdi. Shuningdek, startap “mGov Award” (2022) tanlovidan 50 000 dollar va “President Tech Award” (2023) musobaqasidan 100 000 dollar kabi bir qator nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
Platformadan 130 000 dan ortiq foydalanuvchi va 50 dan ortiq korporativ mijoz foydalanmoqda. “Tilmoch” o‘zbekcha va qozoqchadan tortib turkchagacha bo‘lgan keng ko‘lamdagi turkiy tillarni qo‘llab-quvvatlab, 180 milliondan ortiq auditoriyani birlashtirmoqda.
Startap “AlchemistX Silicon Valley Residency” dasturini muvaffaqiyatli yakunladi. AQShda o‘tkazilgan “Startup Showcase” doirasida Serjio Gor mazkur startapning ulkan salohiyatini ta’kidlab, bunday tashabbuslar xalqaro texnologik hamkorlikni mustahkamlash va mintaqadagi yosh avlod iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Hammasi qanday boshlangan
“Tilmoch AI” tarixi kompaniya tashkil topishidan ancha oldin — talabalik davridan boshlangan. Muhammadsaid bolaligidanoq kompyuterlar orasida o‘sgan: otasi dasturchi bo‘lgani sababli IT sohasiga qiziqishi erta shakllangan. Dastlabki harakatlari o‘smirlik chog‘ida saytlar yaratishdan iborat bo‘lgan. Keyinchalik u tibbiyotga jiddiy e’tibor qaratgan bo‘lsa-da, oxir-oqibat texnologik yo‘nalishni tanlab, IT-mutaxassisligi bo‘yicha kollejni tugatdi va Toshkentdagi Inha universitetiga o‘qishga kirdi.
Ikkinchi kursda talabalarga “Ma’lumotlar tuzilmalari” fanidan tanlov loyihasini bajarish vazifasi berildi. Muhammadsaid o‘zbek tilidagi matnni imloviy tekshirishni tanladi — bu vazifa ko‘ringanidan ancha murakkab bo‘lib chiqdi. Birinchi versiya juda sodda bo‘lib, o‘qituvchi natijalardan qoniqmadi, muallifning o‘zi esa hali tilni yetarli darajada bilmasligini tan oladi. Ammo aynan shu topshiriq boshlang‘ich nuqta bo‘ldi: “yaxshiroq qilish” istagi uni tark etmadi va asta-sekin o‘zbek morfologiyasining muhim qonuniyatlarini ochib bergan tadqiqot ishiga aylandi.
Bugungi kunda turkiy tillarda 180 milliondan ortiq kishi so‘zlashadi, biroq yirik texnologik kompaniyalar tarixan roman-german tillari guruhiga qaraganda bu tillarga yetarlicha e’tibor qaratmagan va rivojlantirmagan.
“Katta servislar turkiy tillarga moslashtirilmagan. Ular ingliz tilining ulkan korpuslari asosida o‘qitilgan, lekin bizning morfologiyamizda butunlay yo‘qolib qoladi,” — deydi Muhammadsaid.
Dastlabki qiyinchiliklar
O‘zbek tili agglyutinativ tillar qatoriga kiradi, bunda so‘zlar juda uzun bo‘lishi va o‘nlab qo‘shimchalarni o‘z ichiga olishi mumkin. Aynan shu xususiyat o‘zbek tilining imlo tekshiruvini noyob vazifaga aylantiradi: 200 ga yaqin qo‘shimcha va ularning qat’iy birikish qoidalarini hisobga olish lozim.
“Bir payt aniq bo‘ldiki, muammo vositalarda emas, balki turkiy tillar uchun sifatli infratuzilmaning yo‘qligida ekan. O‘z modellarimiz, o‘z korpuslarimiz va o‘z yondashuvlarimizni yaratishimiz kerak,” — deb tushuntiradi Muhammadsaid.
Elektron lug‘atlar, so‘z turkumlari bo‘yicha belgilash va yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganiga qaramasdan, Muhammadsaid mustaqil ravishda materiallarni to‘plash, morfologiyani o‘rganish va dastlabki algoritmlarni tuzishni davom ettirdi. Faqat keyinroq, dastlabki yutuqlar va moliyalashtirish natijasida tilshunoslar jamoasi paydo bo‘ldi. Ular affiksatsiyani tizimlashtirish va o‘zbek tili ildizlarining deyarli to‘liq lug‘atini yaratishga yordam berdi — bu ish uch oy davom etdi.
Tilmoch qanday ishlaydi
“Tahrirchi”ning ilk versiyasini g‘oyadan ishga tushirishgacha 5 oy vaqt ketdi. Startap o‘z modellarini mintaqaviy ma’lumotlar: adabiyot, ommaviy axborot vositalari, mahalliy internet saytlari, parallel korpuslar (parallel korpuslar — bir tildagi asl matn boshqa tillardagi tarjimalari bilan taqqoslangan elektron matnlar to‘plami) asosida o‘qitgan va o‘qitishni davom ettirmoqda. Bu jarayon 1930-yillardan boshlab bo‘lgan matnlarni o‘z ichiga oladi. Ma’lumotlar bazasida 40 000 dan ortiq kitob mavjud — bu tilni davrlar bo‘yicha tahlil qilish uchun ulkan hajm hisoblanadi. Ushbu yondashuv nafaqat xatolarni tuzatish, balki tilning uslubi, ohangi va davr xususiyatlarini tahlil qila oladigan universal modelni o‘rgatish imkonini berdi.
Jamoa matn generatsiyasi va chuqurlashtirilgan tarjima modellarini kelajak yo‘nalishlari sifatida ko‘rmoqda. Ular ChatGPT kabi global tizimlar bilan raqobatlashishni emas, balki o‘zbek tili va boshqa turkiy tillar uchun maxsus vositalar yaratishni maqsad qilgan. Shuningdek, izohlarning toksikligini aniqlash tizimlari va chat-botlar ham ishlab chiqilmoqda.
“Biz modellarga tilni xuddi odamlar tushungani kabi tushunishni o‘rgatamiz. Buningsiz sifatli tarjima va tahrir bo‘lishi mumkin emas — ayniqsa o‘zbek yoki qozoq tilida,” deydi loyiha muhandislari.
Kam sonli til juftliklari uchun jamoa kompleks yondashuvlardan foydalanadi: o‘zbek/qoraqalpoq/qozoq tillaridagi modellarni takomillashtirish va nozik sozlash, shuningdek mahalliy me’yorlar va yozuv variantlarini inobatga olgan holda imlo va grammatikani tekshirish funksiyalarini qo‘shish hamda post-tahrirlash. Shu tarzda “Tilmoch” mashhur global xizmatlarga nisbatan turkiy tillarda yuqoriroq sifatga erishmoqda.
Sifatni oshirish uchun ichki baholash tizimi (avtomatik mezonlar) va til sohiblari bilan ekspert tekshiruvi hamda fikr-mulohazalar ham qo‘llaniladi; shuningdek, A/B sinovlari o‘tkazilib, yirik provayderlar bilan taqqoslanadi.
Shu tariqa, “Tilmoch AI” tillar bilan ishlash uchun mukammal vositalar ekotizimiga aylandi. Foydalanuvchilar matnlarni o‘zbek, rus, ingliz, qozoq, qoraqalpoq, turk tillari orasida tarjima qilishlari mumkin. Hozirda xitoy va koreys tillarining beta-versiyalari ham ishga tushirilgan.
Bunda platformaning o‘zi ko‘pincha global xizmatlar e’tiboridan chetda qoladigan morfologiya va kontekstni hisobga oladi. Tarjimadan tashqari, “Tilmoch” grammatika va imloni chuqur tekshirish — gap tuzilishini tahlil qila oladigan va aynan mahalliy tillarga xos bo‘lgan xatolarni tuzata oladigan intellektual muharrirni taklif etadi.
Biznes uchun startap API-integratsiyasini taqdim etadi: kompaniyalar “Tilmoch”ni o‘z mahsulotlari, ta’lim platformalari yoki ichki mahalliylashtirish tizimlariga ulashlari mumkin. G‘oya shundan iboratki, til ishlab chiqishda, hujjat aylanmasida yoki mijozlar bilan muloqotda to‘siq bo‘lmay qo‘yishi kerak.
Jamoa bu faqat boshlanishi ekanini ta’kidlamoqda. “Tilmoch” nafaqat matn, balki ovoz, hissiyotlar va nutq uslublari bilan ham ishlay oladigan yagona til mexanizmini yaratishga intilmoqda. Rejada o‘z STT/TTS yechimlarini, Markaziy Osiyoning yangi tillarini, shuningdek, mintaqaviy me’yorlarni hisobga olgan holda kontentni keng miqyosda mahalliylashtirish kerak bo‘lgan korporativ jamoalar uchun vositalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
“Biz shunchaki tarjimon emas, butun bir ekotizim yaratyapmiz. Tarjima, tahrir, ovozli texnologiyalar, mahalliylashtirish — bularning barchasini bitta mexanizm bajarishi kerak,” — deydi jamoa.
Har oyda 130 mingdan ortiq faol foydalanuvchi
Bugungi kunda “Tilmoch AI” har oyda 130 mingdan ortiq faol foydalanuvchi, 16 000 kunlik foydalanuvchiga (DAU) ega. Sifatli o‘zbek yoki qozoq tilidagi matn bilan ishlash muhim bo‘lgan davlat xizmatchilari, jurnalistlar, kontent jamoalari, talabalar va mutaxassislar orasida qiziqish ayniqsa yuqori.
Korporativ segment ham shiddat bilan o‘sib bormoqda: 50 dan ortiq kompaniya allaqachon “Tilmoch”ni ta’lim platformalari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimlari, mahalliylashtirish ilovalari va ichki ma’muriy tizimlarga joriy etgan. Eng faol bozorlar O‘zbekiston va Qozog‘iston bo‘lib qolmoqda, bu yerlarda qozoq tilini qo‘llab-quvvatlashning yo‘lga qo‘yilishi o‘sishning asosiy omiliga aylandi. Ammo jamoa ishonch bildiradiki, salohiyat bundan ham keng: oldinda Turkiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari va butun dunyo bo‘ylab turkiy xalqlarning katta diasporasi turibdi.
Dastlabki sarmoya va Tahrirchi’ning yaratilishi
Kelajakdagi “Tahrirchi”ning dastlabki versiyasi shaxsiy mablag‘lar hisobiga yaratildi. Davlat yordamini olish urinishlari natija bermadi, biroq “mGov Award 2022” tanlovi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Jamoa atigi 2 MB hajmdagi imloni tekshiruvchi Android klaviaturasini ishlab chiqdi, bu esa g‘alabaning asosiy omillaridan biriga aylandi. Loyiha saralovdan o‘tib, finalga chiqdi va $50 000 grant yutib oldi — bu to‘laqonli ekotizimni ishga tushirishga imkon bergan turtki bo‘ldi.

Grantdan so‘ng jamoani kengaytirish imkoniyati tug‘ildi: loyihaga tilshunoslar va sharhlovchilar qo‘shildi, ular qo‘shimchalar va o‘zaklarning keng qamrovli bazasini yaratishga ko‘maklashdi. Shu asos bo‘yicha veb-muharrir, keyinchalik esa “Microsoft Word” uchun kengaytma ishlab chiqildi. Uzoq va murakkab byurokratik yozishmalardan so‘ng “Microsoft” uni o‘z marketpleysiga joylashtirdi. Hozirda 150 ga yaqin foydalanuvchi kengaytmadan faol foydalanmoqda.
Startap, shuningdek, “President Tech Award” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 100 ming dollar miqdorida grant oldi. Keyinchalik startapga “AloqaVentures”, “Yoshlar Ventures” va “IT Park Ventures” sarmoya kiritdi — bu bosqichda jalb qilingan kapitalning umumiy hajmi 150 ming dollarni tashkil etdi. Garchi bu miqdorlar hali global investitsiya raundlari bilan taqqoslanarli bo‘lmasa-da, turkiy NLP bozori uchun ular juda katta ahamiyatga ega: uzoq yillar davomida hech kim istiqbolli deb hisoblamagan sohaga nisbatan jiddiy ishonch paydo bo‘lganini anglatadi.
Jamoa har bir mukofot va investitsiyaning har bir bosqichi shunchaki pul emas, balki mahalliy muammoga asoslanib, jahon darajasidagi texnologiyani yaratish haqiqatan ham mumkinligini tasdiqlashini e’tirof etadi.
Tilmoch AI global sahnada: TechCrunch, AlchemistX va C5+1
“Tilmoch AI” loyihasining xalqaro maydonlarga chiqishi startap rivojlanishida burilish nuqtasi bo‘ldi. Avvaliga, jamoa “AlchemistX Silicon Valley Residency” dasturlarida qatnashib, u yerda mentorlik, ekspertlar yordami va global aloqa tarmog‘idan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Keyinchalik butun dunyo bo‘ylab startaplar o‘z loyihalarini investorlar, korporatsiyalar va ommaviy axborot vositalariga namoyish etadigan maydon — “TechCrunch” konferensiyasida taqdimot va netvorking o‘tkazildi.
“Tilmoch”ning Vashingtonda AQSH, Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan “C5+1” anjumanidagi taqdimoti alohida muhim voqea bo‘ldi. “Tilmoch” AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor tashrif buyurgan “Startup Showcase” tadbiriga taklif etilgan O‘zbekiston startaplari uchligiga kirdi.
Serjio Gor “Tilmoch” loyihasining yuqori salohiyatini ta’kidlab, bunday tashabbuslar xalqaro texnologik hamkorlikni mustahkamlash va mintaqaning yosh avlodi iste’dodini namoyon etishga qodir ekanligiga ishonch bildirdi.

“AQSHda sahnada turib, o‘zbek tili haqida gapirsangiz, odamlar hayron qoladi. Biroq sifatni ko‘rsatganingizdan so‘ng, savollar qolmaydi,” deya xotirlaydi jamoa a’zolari.
Jamoa: til va texnologiyani sevadigan insonlar
Bugungi kunda “Tilmoch AI” — turkiy tillar uchun eng ilg‘or texnologik platforma yaratish maqsadida birlashgan muhandislar, NLP tadqiqotchilari, dasturchilar, tilshunoslar va mahsulot mutaxassislaridan iborat jamoa. Loyiha doirasida nafaqat texnik mahorat, balki tilga bo‘lgan chuqur hurmat ham qadrlanadi. Ko‘plab ishtirokchilar aynan o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq va boshqa turkiy tillar ingliz yoki ispan tillari kabi yuqori sifatda sun’iy intellekt tomonidan qayta ishlanishini istaganlaridan jamoaga qo‘shilishgan.
Jamoaning dastlabki tarkibi “mGov Award” tanlovida ishtirok etish paytidayoq shakllangan bo‘lib, u atigi uch kishidan: asoschi, ma’lumotlar muhandisi va dizaynerdan iborat edi. Aynan shu tarkib “Tahrirchi”ning boshida turib, birinchi model va Android klaviaturasini noldan yaratdi: model ustida ishlashga yarim yil, klaviaturani ishlab chiqishga esa uch oy ketdi. Grant olingandan so‘ng jamoa kengayib bordi va mahsulotning murakkabligi nafaqat tilshunoslikda, balki muhandislikda ham ekanligini anglashdi — tilshunoslar va texnik mutaxassislar o‘rtasida muvozanat ta’minlanishi zarur edi.
Shunday qilib, ikkita to‘laqonli jamoa — tilshunoslar va dasturchilar guruhlari tashkil topdi. Tilshunoslar aynan “e’lon asosida” qidirildi: tanlangan nomzodlar sinov topshirig‘ini bajarib, ichki texnologiyani o‘rganishdi. Ularning ishi fundamental ahamiyat kasb etdi. Izohlovchilar affikslar bazasini boyitishdi va bugungi kunda tizim o‘zbek tilidagi deyarli barcha so‘zlarni taniy oladi. Ildizlarning to‘liq lug‘atini yaratish uchun taxminan uch oylik mashaqqatli mehnat sarflandi.
Kompaniya ichida keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda: muhandislar model arxitekturalari ustida tajribalar o‘tkazmoqda, yangi ma’lumotlar bazalarini shakllantirmoqda, murakkab til juftliklari uchun gibrid yondashuvlarni ishlab chiqmoqda. Alohida e’tibor ovozli texnologiyalarga qaratilgan: “Tilmoch” til platformalarining kelajagi ko‘p qirrali ekanligini tushunib, STT/TTS bo‘yicha mutaxassislarni faol ravishda izlamoqda.
Asosiy saboq: haqiqiy muammoni yechishga intiling
“Tilmoch AI” tarixi shuni ko‘rsatadiki, hatto juda mahalliy muammo ham keng ko‘lamli mintaqaviy mahsulot yaratilishiga turtki bo‘lishi mumkin.
“Agar hech kim yechmayotgan muammoni ko‘rsangiz, uni o‘zingiz hal qiling. Buni yirik kompaniyalar qilishini kutib o‘tirmang,” — deydi asoschisi.
“Tilmoch” muhandislik matonati va mahalliy bozorni tushunish loyihani xalqaro maydonga olib chiqishi mumkinligini ko‘rsatib berdi.
Mintaqa asoschilari uchun maslahat
“Tilmoch AI” tarixi O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi ko‘plab yosh tadbirkorlar uchun muhim saboq bo‘ldi. Jamoa yo‘l chiroyli g‘oyadan emas, balki haqiqiy foydalanuvchilar duch kelayotgan muammolardan boshlanishini ta’kidlaydi.
Startap asoschisi mahalliy muammolar ustida ishlashdan cho‘chimaslikni maslahat beradi — aynan shunday muammolar ko‘pincha global o‘yinchilar tomonidan yetarlicha baholanmaydi, bu esa startaplar uchun noyob imkoniyatlar yaratadi. Mahsulotni mahalliy hamjamiyatda faol sinovdan o‘tkazish, akseleratsiya dasturlari va grantlar bilan hamkorlik qilish, IT Park infratuzilmasidan foydalanish va xalqaro maydonlarga chiqishdan tortinmaslik muhimdir.
“Tilmoch” jamoasi qat’iy ishonadi: agar mahsulot haqiqatan ham muammoni hal qilsa va yuqori texnik sifat bilan yaratilgan bo‘lsa, til yoki bozor qanchalik “kichik” ko‘rinishidan qat’i nazar, u o‘z foydalanuvchisini albatta topadi.
“Tilmoch AI” tajribasiga ko‘ra:
• haqiqiy ehtiyojlarga e’tibor qarating;
• farazlarni sinab ko‘ring;
• akseleratorlar va grantlardan foydalaning;
• mahsulot “juda mahalliy” tuyulsa ham, TechCrunch’ga chiqishdan cho‘chimang.
“Tilmoch AI” ishonch bilan ta’kidlaydi: “Global bozorda nafaqat keng tarqalgan tillar uchun, balki haqiqiy insonlar uchun mahsulotlar yaratuvchilar uchun ham o‘rin bor”.
Tilmoch — IT Park Uzbekistan rezidenti
“Tilmoch AI” oddiy tarjimondan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi. U uzoq vaqt davomida ona tili global sun’iy intellekt e’tiboridan chetda qolgan o‘n millionlab odamlar uchun texnologik infratuzilma yaratishga urinishdir. Jamoa erishgan yutuqlarga qarab aytish mumkinki, bu vazifa allaqachon haqiqatga aylana boshlagan.
Bugungi kunda “Tilmoch AI” mahalliy texnologik tashabbusning o‘z madaniyati va til o‘ziga xosligini saqlab qolgan holda mintaqaviy va xalqaro loyihaga aylana olishining eng yorqin misollaridan biridir.
Bu startap innovatsiyalar nafaqat eng yirik til ekotizimlarida, balki ilgari global sun’iy intellekt uchun “ko‘rinmas” deb hisoblangan joylarda ham paydo bo‘lishi mumkinligini isbotladi.
IT Park Uzbekistan rezidenti sifatida startap yosh kompaniyaning moliyaviy barqarorligida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Daromad solig‘idan ozod etilishi va ayrim toifadagi to‘lovlar bo‘yicha pasaytirilgan stavkalar operatsion xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, jamoaga byudjetning katta qismini ma’muriy xarajatlarga emas, balki bevosita mahsulotni rivojlantirishga yo‘naltirish imkoniyatini yaratadi: muhandislar va tilshunoslar jamoasini kengaytirish, modellar bilan tajribalar o‘tkazish, biznes uchun yangi funksiyalar va integratsiyalarni ishlab chiqish.
Sayt:
https://tilmoch.ai
Telegram:
https://t.me/tilmochai
Telegram bot:
https://t.me/tahrirchi_uzbot
Instagram:
https://www.instagram.com/tilmoch_ai









