24-iyul

Click va Halyk Bank strategik hamkorlikni e’lon qiladi: Tenge Bank bitimning asosiy bo‘g‘iniga aylanadi
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Halyk Bank Click’ning 49 foiz ulushini 176,4 million dollarga, Click aksiyadorlari esa Tenge Bank’ning 49 foiz ulushini 60,76 million dollarga sotib oladi. Bitim tuzilmasi tomonlarga mustaqil yuridik shaxs maqomini saqlab qolgan holda yaqin hamkorlikda ishlash imkonini beradi.
Click va Halyk Bank’ning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi - "Tenge Bank" ATB o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekiston bozorida ilg‘or moliyaviy xizmatlarni taqdim etish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Bunday miqyosdagi investitsiyalar mamlakatning moliyaviy tizimi va uning ishtirokchilariga bo‘lgan yuqori darajadagi ishonchni va mintaqaviy miqyosda raqamli transformatsiyaning katta salohiyatini aks ettiradi.
"Bu Click kompaniyasi uchun tarixiy lahza. Halyk Bank bilan hamkorlik va Tenge Bank bilan imkoniyatlarni kengaytirish millionlab foydalanuvchilarga jahon miqyosidagi raqamli moliyaviy xizmatlarni taqdim etish yo‘lidagi muhim qadamdir. Shu bilan birga, Click aksiyalarining nazorat paketi amaldagi aksiyadorlar qo‘lida qoladi va, shubhasiz, kompaniya milliy brend yo‘lini davom ettiradi," - dedi Click bosh direktori Rustamov Ulug‘bek.
Kompaniyalar o‘rtasidagi sinergiya doirasida 20 milliondan ortiq Click foydalanuvchilari Tenge Bank’ning foydali va zamonaviy takliflaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Yirik loyihalar B2B sektorida ham amalga oshiriladi: Click bilan hamkorlik qiluvchi 70 mingdan ortiq servislar korporativ bank mahsulotlariga ham kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu tadbirkorlar uchun to‘lov va bank yechimlari yagona raqamli muhitga birlashtirilgan noyob tizimni yaratadi.
Sheriklik O‘zbekiston xususiy sektorining xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi va Markaziy Osiyoda investitsiya muhitini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadi.
Bitim ishtirokchi mamlakatlar qonunchiligiga to‘liq muvofiq holda amalga oshiriladi. Tomonlar barcha tegishli davlat organlariga zarur hujjatlarni taqdim etadilar va zarur ruxsatnomalarni olish uchun tegishli regulyatorlar bilan yaqindan hamkorlik qiladilar. Har ikki tashkilotning operatsion va yuridik faoliyatida mustaqillik saqlanib qolayotganini inobatga olib, kelishuv jarayoni qisqa muddatlarda yakunlanishi kutilmoqda.
Click kompaniyasi haqida
Click - 20 milliondan ortiq foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatuvchi O‘zbekiston fintex kompaniyasi. 2024-yilda Click o‘z va hamkor xizmatlarining keng doirasini - to‘lovlar va sug‘urtadan tortib yetkazib berish, avtoservis va xayriya xizmatlarigacha birlashtirgan superappga aylandi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya daromadi 35,3 foizga, foydasi 37,5 foizga o‘sdi. Click PCI DSS 4.0 standarti bo‘yicha sertifikatlangan 1-sonli to‘lov tashkiloti litsenziyasiga ega bo‘lib, sun’iy intellekt, "yashil" energetika yechimlariga sarmoya kiritadi hamda Yashil Meros va Inson Uchun ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.
MHXS ma’lumotlariga ko‘ra, "CLICK" AJ to‘lov tashkilotining sof foydasi 2024-yilda MHXS bo‘yicha 295,1 mlrd so‘mni tashkil etdi va 2023-yilga (205,2 mlrd so‘m) nisbatan 43,8 foizga o‘sdi. O‘tgan yilgi tushum 42,8 foizga o‘sib, 516,4 milliard so‘mga yetdi.
Tenge Bank haqida
"Tenge Bank" ATB zamonaviy bank texnologiyalaridan foydalangan holda yirik va o‘rta korporativ mijozlar, kichik va mikro biznes hamda chakana mijozlarga keng ko‘lamli moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatuvchi universal bank hisoblanadi. Ayni paytda Tenge Bank "Qozog‘iston Xalq banki" AJning 100% sho‘ba banki hisoblanadi. 2025-yil 31-mart holatiga ko‘ra, Tenge Bank’ning MHXS bo‘yicha umumiy kredit portfeli 4,5 trillion so‘mdan, MHXS bo‘yicha aktivlarining umumiy hajmi esa 7,7 trillion so‘mdan oshdi.
Operatsion faoliyatning uzluksizligi
Click va Tenge Bank mustaqil yuridik shaxs sifatida o‘z faoliyatini davom ettiradi. Barcha mijozlarga avvalgi shartlarda xizmat ko‘rsatiladi, amaldagi barcha shartnomalar o‘z kuchida qoladi va ikkala kompaniyaning barcha majburiyatlari to‘liq hajmda va o‘z vaqtida bajariladi.
- #Startup
- #Yangilik
- #Investitsiyalar
Mavzular: