2-aprel
kpi.com muvaffaqiyat tarixi: Asoschining 1,5 million dollardan voz kechishi nima uchun hal qiluvchi saboq bo‘ldi
O‘zbekistonda global maqsadlarga ega bo‘lgan texnologik startaplar soni tobora ortmoqda. “kpi.com” esa Toshkentda yaratilib, xalqaro biznes darajasiga ko‘tarilgan muvaffaqiyatning yorqin namunasidir.
Loyiha asoschisi Muzaffar Karabaev “Shell” kompaniyasida ishlash va Oksfordda ta’lim olishdan tortib, o‘z IT-jamoasini tuzishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Ushbu suhbatda u g‘oyani qanday qilib foydali mahsulotga aylantirgani, nima uchun 1,5 million dollar investitsiyadan voz kechgani va hozir nima sababdan O‘zbekistonda biznesni faol rivojlantirayotgani haqida so‘zlab beradi.
kpi.com yaratish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi? Biznes jarayonlarini boshqarish uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqishga sizni nima undadi?
IT va autsorsing loyihalaridagi faoliyatim 2000-yillarning boshida boshlangan. Mening dastlabki loyihalarim — “Uzreport.com” va “Uzjobs” — 1999-yilda “Yahoo” kabi platformalar boshlab bergan raqamli inqilobdan ilhomlangan edi. Tadbirkorlikka bo‘lgan ishtiyoqim Oksford universitetida MBA dasturida tahsil olayotgan paytim yanada kuchaydi. O‘sha yerda kursdoshlarimdan biri avtomobil sanoatida firibgarlikni aniqlashga mo‘ljallangan innovatsion g‘oyani taqdim etdi, keyinchalik u “Contego.com” nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Toshkentdagi jamoam birinchi MVPni (minimal hayotiy mahsulot) ishlab chiqdi. Bu mening texnologik startaplar va tadbirkorlik olamiga kirib borishimning chinakam boshlanishi bo‘ldi. O‘sha vaqtga kelib, men Buyuk Britaniya uchun autsorsing loyihalari ustida ishlaydigan 30 nafar dasturchidan iborat jamoaga ega edim, bu esa barqaror daromad manbaini ta’minladi. Bu menga ishonch va moliyaviy tayanch berdi, shuningdek, doimiy ish joyimni tark etib, o‘zimni to‘liq tadbirkorlikka bag‘ishlash uchun imkon yaratdi. kpi.com g‘oyasi 2008-yilda paydo bo‘ldi va dastlab mening onlayn so‘rovlar bilan bog‘liq avvalgi tajribam asosida ishlab chiqilgan 360 darajali baholash vositasi sifatida mo‘ljallangan edi.
Suhbatlarning birida “Shell” kompaniyasidagi ish va uzreport.com loyihasini yaratishda ishtirokingiz muhim bosqich bo‘lganini aytgan edingiz. Bu tajriba sizning tadbirkor bo‘lish qaroringizga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Shell kompaniyasidagi ish tajribam, ayniqsa M&A (qo‘shilish va sotib olish) bo‘limidagi faoliyatim hayotimda burilish nuqtasi bo‘ldi. Bu menga investitsiyalarni baholash, startaplarni moliyalashtirish va operatsion strategiyalarni shakllantirish bo‘yicha chuqur bilim berdi. Fintech startaplarini baholovchi tahlilchi sifatidagi vazifam tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishimni sezilarli darajada oshirdi. Bundan tashqari, “Shell” mening Oksforddagi MBA dasturida tahsil olishimni moliyalashtirdi, bu esa menga aloqalar o‘rnatish va mijozlarni topish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. “Shell” kompaniyasidan ketish oson bo‘lmadi, biroq tadbirkorlikka bo‘lgan ishtiyoqim ustun keldi. Autsorsing shartnomalari orqali shakllangan mijozlar bazamiz tufayli tadbirkorlikka ishonch bilan qadam qo‘ydim va bu qarorimdan hanuz faxrlanaman.
Start va dastlabki qadamlar haqida
kpi.com loyihasini ishlab chiqish uchun birinchi jamoani qanday shakllantirdingiz? Startdagi asosiy qiyinchiliklar nimalardan iborat edi?
kpi.com uchun ilk jamoa mening o‘sha paytdagi kompaniyam — “Datasite Technology” tarkibidagi tajribali 30 nafar dasturchidan shakllantirildi. Biz besh nafar iste’dodli mutaxassisni tanlab, ularni mahsulot yadrosi ustida ishlashga yo‘naltirdik va 2011-yilga kelib, bu guruhni asta-sekin o‘n kishigacha kengaytirdik.
Asosiy qiyinchiliklar resurslarni taqsimlash, cheklangan marketing byudjeti va mahsulotni ishga tushirishdagi kechikishlar bo‘ldi. 2012-yilda mahsulotni chiqarishdan oldin, o‘z kuchimiz bilan beshta modulni mukammal ishlab chiqishni maqsad qilgan edik. Dastlab Buyuk Britaniya bozoriga e’tibor qaratgan holda, yirik marketing byudjetiga ega kompaniyalar bilan raqobatlasha olmasligimizni tushundik. Shu bois, biz Yaqin Sharq bozoriga yo‘nalishni o‘zgartirdik, chunki u yerga minimal byudjet bilan kirish imkoniyati mvjud edi.
Nima uchun O‘zbekistonning mahalliy bozoriga emas, balki Yevropa bozoriga e’tibor qaratishga qaror qildingiz? Bu mahsulot rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Dastlab, aloqalar va mijozlar bazasi tufayli tanlov Buyuk Britaniyaga tushdi. Biroq kutilmaganda Yaqin Sharqdan — BAA, Saudiya Arabistoni va Ummon davlatlaridan yuqori talab paydo bo‘ldi. Bu imkoniyatni anglagach, 2014-yilda BAAga ko‘chib o‘tdim va sakkiz yil davomida mahalliy biznes madaniyatiga sho‘ng‘idim. Ushbu qaror kpi.com rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi: mahsulotimizni mijozlarga yo‘naltirilgan va moslashuvchan qo‘llab-quvvatlash tamoyillari asosida shakllantirdik, bu esa mintaqa biznesi uchun hal qiluvchi omil hisoblanadik.
Xatolar va saboqlar
Siz dastlabki bosqichda 1,5 million dollarlik sarmoyadan voz kechdingiz. Hozir bu qarorni qanday baholaysiz? Aks holda nima qilgan bo‘lardingiz?
2012-yilda $1,5 million investitsiyadan voz kechish men uchun kamtarlik va strategiya borasida muhim saboq bo‘ldi. Avvaliga mustaqil ravishda kengayishimiz mumkin deb o‘ylagandim, biroq keyinchalik tashqi investorlarning qadrini angladim. Ularning aloqalari, tajribasi va faol marketingga sarmoya kiritish hamda bozorni tezda egallab olish imkonini beradigan kapitali juda muhimligini tushundim. Bugungi kunda ushbu investitsiyani qabul qilish “kpi.com”ning o‘sishini sezilarli darajada tezlashtirgan bo‘lardi deb hisoblayman. Bu tajriba menga hamkorlik va sheriklar bilan ochiq munosabatda bo‘lishning muhimligini boshidanoq, hatto MVP bosqichida ham o‘rgatdi.
kpi.com loyihasini rivojlantirish jarayonida yana qanday xatolarga yo‘l qo‘ydingiz va ular tadbirkor sifatida o‘sishingizga qanday yordam berdi?
Yana bir xato — operatsion boshqaruvdan erta chekinish. Men jamoalarga boshqaruvni aniq o‘sish maqsadlarisiz topshirdim. Natijada, asoschining faol ishtiroki ushbu bosqichda nihoyatda muhim ekanini angladim. Biroq “kpi.com”ning mustahkam poydevori menga boshqa loyihalarni, masalan, “Souq.com” (keyinchalik Amazon tomonidan sotib olingan) tomonidan muvaffaqiyatli investitsiya qilingan “Wing.ae” startapini yaratish imkonini berdi.
Raqobat va mahsulotning o‘ziga xosligi haqida
Bozorda boshqa кфйщифесршдфк bilan qanday bellashasiz? Mijozlarni qanday jalb qilasiz va ushlab turasiz?
Bizning asosiy raqobatchilarimiz “Bitrix/1C”, “Odoo” va “Zoho” kabi moslashuvchan platformalardir. kpi.com esa kastomizatsiya, qo‘llab-quvvatlash, qulay narx siyosati va kichik hamda o‘rta biznes uchun moslashuvchanlik bilan ajralib turadi. Bizning chuqur integratsiya va mahalliylashtirish qobiliyatimiz yirik platformalarda mavjud emas. Natijada, 10 yildan ortiq vaqt davomida biz bilan hamkorlik qilayotgan mijozlarning sadoqati ta’minlandi.
Bizning biznes modelimizning asosi — shaxsiylashtirilgan qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa bu madaniy jihatdan muhim bo‘lgan bozorlarda katta ahamiyat kasb etadi. Menimcha, O‘zbekiston va bir qator Afrika mamlakatlari ham biz yaqin kelajakda kirishni rejalashtirgan bozorlardir. Biz mijozlarning kutilmalariga mos kelish maqsadida inson omilini sun’iy intellekt texnologiyalari bilan uyg‘unlashtiramiz, bu esa ularning sodiqligini yanada mustahkamlashga yordam beradi.
O‘zbekiston bozoriga kirish to‘g‘risida
O‘zbekiston hukumati ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning IT Park orqali ilgari surayotgan tashabbuslari tufayli biz mahalliy bozorga faol kirib bormoqdamiz. Raqamlashtirish jarayonini tezlashtirish maqsadida kompaniyalarga 75% gacha chegirmalar taklif etmoqdamiz, shuningdek, demo-versiyalarni sinab ko‘rish va bepul foydalanishni boshlash imkoniyati mavjud.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 100 dan ortiq kompaniya bizning mahsulotimizdan foydalanmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz — raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlash va bozorda ishtirokimizni kengaytirish. Shu bilan birga, yurtimizdagi iqtidorli yoshlarni rivojlantirish maqsadida oliy o‘quv yurtlarida hakatonlar va ERP loyihalari uchun laboratoriyalar tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Hozirda “New Uzbekistan University” hamda yaqinda ochilgan “American University in Tashkent” bilan muzokaralar olib boryapmiz.
Bundan tashqari, men rezident IT-kompaniyalari “SiteLabs” va “Datasite” orqali hududlarni, xususan, Namangan viloyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlayman. Bizning vazifamiz — Namanganga global darajadagi loyihalar bilan ishlashga tayyor mutaxassislarni jalb qilish qiyin bo‘lishiga qaramay, mintaqaviy ekotizimlarni yaratishdir. IT Park bilan birgalikda Toshkentdan tashqari hududlarda ishga qabul qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha tashabbuslarni ishlab chiqmoqdamiz.
Yangi tadbirkorlarga to‘rtta tavsiya
kpi.com — bu O‘zbekiston startapining global bozorga chiqish, xatolar ustida ishlash va yangi imkoniyatlar bilan Vatanga qaytish tarixi. Bugungi kunda IT Park Uzbekistan ko‘magida, loyiha mahalliy kompaniyalarga zamonaviy ERP-yechimlarini joriy etishga yordam bermoqda, uning asoschisi esa mintaqaviy IT-hablarni rivojlantirishga sarmoya kiritmoqda.
Xuddi shu muvaffaqiyatni takrorlamoqchimisiz? Kichik g‘oyadan boshlang, ammo global miqyosda o‘ylang — va strategiyani o‘zgartirishdan qo‘rqmang!
Sizda startap g‘oyasi bormi yoki yordamga muhtoj bo‘lgan startapga egamisiz? StartupBase platdormasida ariza topshiring.
Xalqaro bozorlarga chiqishni rejalashtirayotgan IT-kompaniya bo‘lsangiz, IT Park’ning “Local2Global” dasturiga ariza topshiring.
Mavzular: